AQSh Laos bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama (o'ngda) Laos rahbari Bunnyang Vorachit (chapda) bilan suhbatlashmoqda, Laos, 6-sentabr, 2016-yil.

AQSh Prezidenti Barak Obama (o'ngda) Laos rahbari Bunnyang Vorachit (chapda) bilan suhbatlashmoqda, Laos, 6-sentabr, 2016-yil.

Oq uyning bildirishicha, AQSh va Laos munosabatlarida yangi sahifa ochildi. Prezident Barak Obama bu mamlakatga tashrif buyurib, iqtisodiyot, texnologiya, ta’lim, xavfsizlik, ekologiya va inson huquqlariga doir masalalarda hamkorlik yo’lga qo’yilishini ma’lum qildi.

Shu kungacha Amerika prezidentining oyog’i Laosga tegmagan. Obamaga ko’ra, Vyetnam urushi paytida AQSh harbiylari tomonidan tashlanib portlamay qolgan bombalardan tozalash ishlari uchun Laosga 90 million dollar ajratiladi. 1960-70-yillarda bo’lgan urushda Amerika tashlagan 2,2 million bombaning uchdan biri portlamagan va aholi xavfsizligiga katta tahdid solmoqda.

O’z navbatida Laos hukumati urushda bedarak ketgan amerikalik askarlarni aniqlashda yordam berishni va’da qildi.

Obama Janubi-sharqiy Osiyo davlatlar uyushmasi ASEAN hamda Sharqiy Osiyo sammitlarida qatnashmoqda. Laos ASEAN a’zosi va bu yilgi sammit mezboni.

Bu Obamaning Osiyoga prezident sifatida 11- va so’nggi safaridir.

Bu orada Filippin Prezidenti Rodrigo Duterte AQSh rahbarini so’kkanidan afsusda ekanini aytmoqda. Prezident Obama Duterte bilan Laosda ASEAN sammitida ko’rishishi kerak edi, biroq Obama shaxsiga qilingan haqoratdan so’ng Oq uy uchrashuvni bekor qildi.

Filippin rahbarining matbuot kotibi Martin Andanarning aytishicha, Duterte aytgan gapiga pushaymon.

“Prezidentimiz mustaqil tashqi siyosatga hamda barcha mamlakatlar bilan do’stona aloqalarni targ’ib etishga urg’u bermoqchi bo’ldi. U aytgan gapidan afsusda, Obamaga hurmati baland, ikki davlat o’rtasidagi hamkorlikni davom ettirish tarafdori”, - dedi Andanar.

Obama Laosdagi anjumanda Filippin rahbari bilan inson huquqlari mavzusida gaplashmoqchi ekanini aytganidan so’ng Duterte Obamani mamlakati ichki ishlariga aralashmaslikni talab qilib, onasini so’kdi.

Duterte giyohvand moddalar bilan noqonuniy shug’ullanuvchi odamlarga nisbatan qattiqqo’l siyosat yuritib, inson huquqlari faollari tanqidiga uchradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG