Breaking News

Barak Obama: Liviyadagi qatliomga toqat qilmaymiz


Oq Uy, 23 fevral 2011
Oq Uy, 23 fevral 2011

Prezident Barak Obama fikricha xalqaro hamjamiyat Liviyada hukumat namoyishchilarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda ekaniga chidab bo'lmaydi.

"Qo'ldan kelgan barcha chorani ko'ramiz",- deydi u.

"Biz Liviya xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz. Begunoh insonlar qonini to'kish - ablahlik. O'z haqqini talab qilayotgan fuqarolar hayotiga tahdid qilish, ularni o'qqa tutish va butun xalqni qo'rqinchda saqlash butun insoniyatni larzaga solmoqda. Liviya hukumatining harakati barcha xalqaro qonunlarga ziddir. Zo'ravonlikni darhol to'xtatish kerak",- deydi Obama.

Oq Uy, 23 fevral 2011
Oq Uy, 23 fevral 2011

"Liviya xalqi uzviy huquqlarga ega. Erkin uyushish, fikr bildirish va o'z taqdirini o'zi belgilash. Bu har bir insonga berilgan ne'mat. Bu huquqlarni rad etishga hech kimning haqqi yo'q. Har bir davlat, hukumat ularni hurmat qilishi shart. Rahbarlarning xalqni ezishga haqqi yo'q".

"Mana shunday og'ir va dahshatli damlarda insoniyat bir ovozda gapirishi va chora ko'rishi kerak",- deydi Obama.

Kecha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Muammar Qaddaviy hukumati xatti-harakatlarini qoralab chiqqan. Xalqqa qarshi jinoyat qilganlar xalqaro qonunlar oldida javob berishi qayd etilgan.

Yevropa Ittifoqi, Arab Ligadi, Afrika Ittifoqi va Islomiy Konferensiya Tashkiloti ham Qaddafiy tutgan yo'lga lan'atlar aytmoqda.

Barak Obama deydiki, uning davlati xalqaro hamjamiyat bilan kelishgan holda Liviya hukumatiga qarshi chora ko'radi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Jenevaga safar qilib, BMT Inson Huquqlari Kengashi bilan maslahatlashadi.

Davlat departamenti Liviyadagi amerikaliklardan mamlakatni tark etishni so'rab, buning uchun sharoit yaratib bermoqda.

Muammar Qaddafiy kecha Liviya davlat telekanalida qilgan chiqishida vatanidagi notinchliklarda G'arbni, xususan AQShni ayblagan.

"Bir narsani aniq aytaman. Arab dunyosi, Yaqin Sharq bo'ylab yuz bergayotgan o'zgarishlarni bu xalqlarning o'zi qilmoqda. Bu Amerika yoki boshqa davlatning ishi emas. Odamlar taqdirini o'z qo'liga olib, hayotini yaxshilamoqchi", - deydi prezident Obama.

"Bir liviyalik aytganidek, "Biz inson kabi yashashni istaymiz". Bu har bir insonga xos oddiy, ezgu istakdir. O'zgarish ortida mana shu istak turibdi. Qo'shma Shtatlar erkinlik, adolat va inson qadriyatlarini quvvatlashda davom etadi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG