Obama Liviyaning bosib olinishini eng katta xatosi sifatida tan oldi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama salkam sakkiz yillik faoliyati davomida yo’l qo’ygan eng katta xatosi Liviyada Muammar Qaddafiydan keyin yuzaga kelgan vaziyatga tayyorgarlik ko’rmagani ekanini aytdi.

NATO boshliq koalitsiya 2011-yilda Qaddafiyni hokimiyatdan ag’darganidan beri mamlakat beqarorlikdan chiqqani yo’q.

Obama prezidentligining ikki muddatini sarhisob qilarkan, Liviya xalqini Qaddafiy rejimidan himoya qilish maqsadida oraga tushish to’g’ri qaror bo’lganini aytadi.

Ayni damda Liviyada hokimiyat ikki qurollangan guruh qo’lida – biri poytaxt Tripolida joylashgan, islomiy tuzumni joriy etmoqchi; Tobrukda esa dunyoviy tuzum tarafdorlari o'z hukumati va parlamentiga ega. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tobrukdagi kuchlarni tan oladi.

BMT vakillari ikki tomonni yarashtirishga intilmoqda, biroq raqib parlamentlar olg’a surilgan tinchlik shartlariga ko’nmayapti.

Liviyadagi urush oqibatida AQSh Bing’ozi shahrida elchisi va bir necha diplomatini yo’qotgan.

Obama Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron va Fransiyaning o’sha paytdagi Prezidenti Nikolya Sarkozining Liviyaga doir siyosatlarini tanqid qildi. Unga ko’ra, Kameron boshqa ishlarga chalg’ib, Liviya bilan shug’ullanmay qo’ydi, Sarkozi esa Qaddafiy ag’darilganidan so’ng xato siyosat yuritdi.

Obama 7,5 yillik faoliyati davomida 2008-yilgi global tanazzuldan so’ng Amerika iqtisodiyotini buyuk depressiyadan saqlab qolganini eng katta muvaffaqiyati sifatida ko’radi.

O’shanda millionlab odamlar ishini yo’qotib, ipoteka to’lovlarini eplolmay uylaridan ayrilgan edi. Obama muammoni hal etishga muvaffaq bo’ldik, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG