Breaking News

Obama Saudiyada, Suriyani urushdan qutqarish haqida gaplashdi


Saudiya Arabistoni shaxzodasi Salmon ibn Abdulaziz al Saud prezident Barak Obamani kutib oldi.
Saudiya Arabistoni shaxzodasi Salmon ibn Abdulaziz al Saud prezident Barak Obamani kutib oldi.
Barak Obama bugun Saudiya Arabistonida, qirol Abdulla bilan ko’rishayapti. Ikki ittifoqchi Yaqin Sharqda xavfsizlik bo’yicha farqlarni hal qilishga urinmoqda.

90 yoshli qirol AQShning regiondagi siyosatini xavotir bilan kuzatyapti. Suriyadagi fuqarolik urushi, Eron, Misrdagi ahvol, boshi berk ko’chaga kirib qolgan Falasitn-Isroil muzokarasi, ekstremizmga qarshi kurash kun tartibidagi mavzular.

Suriyada to'rtinchi yilga kirgan urush mintaqada mazhablararo adovatni yanada avj oldirdi. Qo’shma Shtatlar isyonchi kuchlarni yetarlicha qo’llamayotgani, o'tgan yili Suriyani havodan nishonga olish rejasidan qaytgani uchun qirollik norozi.

Xabarlarga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Suriya oppozitsiyasiga havo hujumidan mudofaa tizimi jo'natishi mumkin. Bu esa qirollikka ma'qul xabarlardan. Gap kichik raketalar haqida ketayapti va bu aslaha pastlab uchayotgan samoyot va vertolyotni yo'q qilishga qodir.

Riyod, shuningdek, Obama ma’muriyati va Eron o’rtasida yangilangan muzokaralardan norozi. Eron mintaqada Saudiya Arabistonining bosh raqibi sanaladi. Tehron, shuningdek, Suriyada prezident Bashar al-Assadni ochiqchasiga yoqlab keladi. Obamaning ishontirishicha, yadro dasturi bobida yangilangan muzokaraga qaramay, Tehronga bosim davom etadi.

Bundan tashqari, Misrda o’tgan yili prezident Muhammad Mursiy hukumatdan ag’darilganida Obama ma’muriyati keskin tanqid bilan chiqqan edi. Saudiya Arabistoni esa Mursiyni chetlatgan harbiy hukumatni qo’llab-quvvatlab keladi.

Obama ma'muriyati bu tashrif bilan, har qanday farqlarga qaramay, Amerika qo'shinlari Iroq va Afg'onistondan ketayotganiga qaramay, arab dunyosidagi ittifoqchilarini unutmaganini bildirmoqchi.

Barak Obama bilan birga Riyodga davlat kotibi Jon Kerri ham safar qilayapti. Amerika bosh diplomati shu hafta Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan sermahsul muzokara o’tkazgan edi.

AQSh rahbari safari paytida inson huquqlari, ayniqsa, ayollar huquqini ham ko'tarishi aytiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG