Obama, Merkel Rossiyani yangi sanksiyalar haqida ogohlantirdi

  • Amerika Ovozi

Amerika prezidenti va Germaniya kansleri bugun Vashingtonda uchrashib, bir ovozdan Rossiyaga qarshilik bildirdi.

Amerika prezidenti Barak Obama va Germaniya kansleri Angela Merkel bugun Vashingtonda uchrashib, bir ovozdan Rossiyaga qarshilik bildirdi. Kreml Ukrainaning tinchini buzishda davom etsa, Rossiyani qo'shimcha sanksiyalar kutmoqda.

AQSh va Yevropa Ittifoqi bir necha kun oldin Moskvani qator sanksiyalar bilan jazolagan edi. Davlat arboblari Merkel va Obama bugun Oq uyda so'zladi.

Obamaning so'zlariga ko'ra, Kreml Ukraina sharqida buzg'unchilik qilaversa, G'arb diplomatik va iqtisodiy richaglarni ishga soladi.

Merkelning ta'kidlashicha, Amerika va Germaniya buni xohlamaydi, lekin boshqa yo'l qolmayapti. Vaziyat qay tomon burilishi ruslarga qolgan masala hozir, deydi kansler.

Jenevada ikki hafta oldin erishilgan diplomatik kelishuv Kiyev va rossiyapast kuchlar o'rtasida ziddiyatni yumshatishga yordam berolmadi. Bitimga muvofiq, isyonchilar qurolini topshirishi, hukumat binolarini bo'shatishi lozim edi. Hukumat esa namoyishchilarga amnistiya berishi kerak edi.

Obamaning aytishicha, Ukraina rahbariyati bergan va'dalariga amal qildi. Endi Rossiyaning navbati, deydi u.

Oq uy rahbari Rossiyaga moyil guruhlarning harakatini tanqid qilmoqda. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining yetti kuzatuvchisi garovda ekani sharmandali, kechirib bo'lmas hol, deydi Obama. U Moskvani bu kuzatuvchilarni ozod qilishda hamkorlikka undadi.

Merkel va Yevropadagi boshqa yetakchilar Kremlga tanbeh bersa-da, bu mamlakatlar aholisi Rossiyaga qarshi keskin chora ko'rib, o'z iqtisodlariga zarar qilishga qarshi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG