Prezident Obama: Amerikalik musulmonlar oilamizning teng huquqli a'zosi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning aytishicha, bir dinga hujum barcha e'tiqodlarga qilingan hujum bilan barobar. U bu haqda Baltimor shahridagi masjidga qilgan tashrifi chog'ida gapirdi.

Prezident Obama aniq va lo'nda gapirdi:

"Barchamiz bir Amerika oilasimiz. Agar oilamizning biror a'zosi o'zini ajratilgan yoki ikkinchi darajali his qilsa, birligimizga putur yetadi", - dedi u.

Obama Baltimor islomiy jamiyatida yig'ilgan musulmonlar bilan muloqot qildi. Parij va San-Bernardino xurujlari ketidan bu e'tiqod vakillariga nisbatan dushmanona kayfiyat kuchaydi, bu xavfli, dedi u.

Bu masjid ham tahdidga uchragan.

"Ko'pincha, odamlar terrorizmni butun bir e'tiqod bilan bog'layotganini ko'ryapsiz. Yaqinda musulmon amerikaliklarga qarshi kechirib bo'lmas siyosiy tahdidlarga ham guvoh bo'ldik", - dedi AQSh rahbari.

Respublikachilardan prezidentlikka asosiy da'vogar Donald Tramp musulmonlarni vaqtincha AQShga kiritmaslik va ularni alohida ro'yxatga olishni taklif qilgan edi. Boshqa respublikachilar bu g'oyani quvvatlamadi.

Asli pokistonlik Ahmad Rana va uning rafiqasi Obama hamda demokrat nomzod Hillari Klintonning musulmonlarni himoya qilayotganini olqishlaydi.

"Biz unga ovoz berdik, ikki marta sayladik. Ayniqsa, Hillari Klinton musulmonlarga nisbatan ko'proq hurmat ko'rsatyapti. Menimcha, musulmonlarning aksariyati uni qo'llab-quvvatlaydi", - dedi Ahmad Rana.

Ektremist guruhlar AQShda musulmonlarni yo'ldan urishga harakat qiladi, deydi Obama, davlat va jamoa bunga qarshi hamkorlikda kurashishi lozim.

"Boston, Chattanuga va San-Bernardinoda fojeaga olib borgan buzuq g'oyalarning borligi haqiqat. Hammamiz o'z e'tiqodimizdan bir-birimizni bo'lish emas, balki birlashtirish maqsadida foydalanishimiz kerak", - dedi Obama.

Anvar Chaudri prezidentning tashrifidan mamnun.

"Uning talablari, nutqi bizni juda ruhlantirdi. Biz boshqalarga, boshqalar esa bizga yordam berishi kerak. Shunda kuchli davlatga ega bo'lamiz", - deydi u.

AQSh rahbari fuqarolarni yana bir bor vijdon erkinligi, bag'rikenglik kabi qadriyatlarga sodiq bo'lishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG