Prezident Obama ilk bor Amerikada masjidga bordi

  • Amerika Ovozi

Baltimor, Merilend shtati, 3-fevral, 2016

Baltimor, Merilend shtati, 3-fevral, 2016

Amerika rahbari Barak Obama ilk bor mamlakatdagi masjidlardan biriga bordi, Merilend shtati Baltimor shahridagi islomiy dargohga. Jamoa bilan tushlik qildi.

Markazdan turib so'zlagan nutqida Obama masjidlarga umrida bormagan yurtdoshlarini Amerika musulmonlari hayoti va ibodatxonalari bilan yaqindan tanishishga undadi.

Millionlab musulmon amerikaliklar davlat taraqqiyoti uchun azaldan salmoqli hissa qo'shib keladi, dedi prezident. Ular fidoyi, vatanparvar fuqarolar, dedi Obama.

Prezident Amerika erkinlik diyori ekaniga urg'u berib, so'nggi yillarda musulmonlarga nisbatan tahdid va dashnomlar kuchayganini qoraladi.

Qo'shma Shtatlar davlat sifatida vujudga kelibdiki, e'tiqod erkinligi bebaho qadriyat bo'lgan va shunday bo'lib qoladi, dedi Obama.

"Musulmon amerikaliklar vatanimiz uchun jon berib keladi. Har bir jabhada faol va sidqidilgan mehnat qilib, farovonligimizni ta'minlamoqda. Amerika qahramonlari orasida musulmonlar juda ko'p", - deya ta'kidladi prezident.

Amerika islom yoki musulmonlarga qarshi urushda emas, dushman - terrorizm va uning e'tiqodga aloqasi yo'q, deya qayd etdi Obama.

Prezidentlik uchun kechayotgan saylov kampaniyasida ayrim nomzodlar musulmonlarni qattiq tekshirish kerak, ularning mamlakatga kirib-chiqishini cheklash kerak deya chaqirayotgani Obama nazarida kaltabinlik. Davlat o'z fuqarolariga ishonishi, ularning haq-huquqlarini poymol etmasligi lozim, deydi u.

AQSh bag'rikeng mamlakat va millionlab musulmonlarga vatan, bu o'zgarmaydi, deydi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG