Tub aholi prezidentdan madad kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama tub aholi farzandlari bilan, Shimoliy Dakota, iyun, 2014

Prezident Obama tub aholi farzandlari bilan, Shimoliy Dakota, iyun, 2014

Amerikaning tub aholisi bugun qanday kun kechiradi? Oq uy shu kunlarda ularga o’z eshigini ochib, hindu qabilalarning yetakchilari bilan muloqot qilmoqda. Prezident Barak Obama yaqinda Janubiy va Shimoliy Dakota shtatlariga borib, 800 ming gektar maydonni egallagan maxsus hududlarda yashovchi jamoalar turmushi bilan tanishgan edi.

Eng yaqin shahar 100 kilometr uzoqda. Bepoyon tekisliklar. Odamlardan ham poda ko’p bu joylarda. Xo’sh, prezidentga bu yerlarda nima bor? Odamlar shod.

Amerika rahbari va uning rafiqasi bilan kechgan uchrashuv Rendi Dogskinning hayotidagi eng unutilmas kunlardan biri.

“Prezidentni ko’rdik! Kennon Bol degan qishloqda katta bo’lganman. Oilamiz shu yerdan",- deydi u.

Barak Obama tub aholi hayotini yaxshilashga va’da berdi:

“Maktablar va bog’chalar, barcha o’quv dargohlarini tuzatishimiz kerak. Bolalar a’lo darajada ta’lim olsin”.

Obama o’quvchilar bilan muloqot qildi. Yosh avlod uchun imkoniyatlarni kengaytirish, kattalarni ish bilan ta’minlash, turmush darajamizni oshirish haqida gapirdi.

Hayot bu yerlarda oson emas. Aholi dunyodan uzilib qolgan. Internet va televizorni hisobga olmaganda. Bilim olganlar ish topishga qiynaladi. Sanoatlar, katta kompaniyalar juda uzoqda.

Ikki bolaning onasi Kelli Ayutapi yoshlarga imkoniyatlar juda oz, deydi.

“Hindu qabilalar yashaydigan hududlarda ish yo’q. Yoshlar bekorchi. Taklif yo’q”,- deydi u.

Mahalliy maktab rahbarlaridan biri Syu Izbell yangi imoratlar zarur deydi. 1930-yillarda qurilgan binolar bolalar uchun xavfli, ta’mirtalab.

“Suv o’tib ketadi hammayoqqa. Shiftdan tinimsiz oqib yotadi. Tuzatib bo’lmaydi, charchadik”,- deydi Izbell.

Jamoatchilik nazarida maktablarni yaxshilash eng ustuvor vazifalardan. 100 o’rinli yangi imorat qurilsa, qabila bolalari yayragan bo’lar edi. Hozir maktabni tashlab ketayotganlar juda ko’p. Umid so’ngan.

“Bolalarimizga g’amxo’rlik qilib, mo’jaz bir bilim o’chog’i bilan ta’minlay olmasak, kelajakdan nima kutish mumkin? Bu yerlarni axir ular taraqqiy ettirishi kerak”,- deydi Rendi Dogskin.

Prezident kelganida unga shuni ochiq oydin aytishdi va yordam kutishmoqda. Oq uy va’dasida turar, deydi qabila a’zolari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG