Obama: Ukrainadagi notinchlikda Rossiya aybdorligi aniq

  • Amerika Ovozi

Barak Obama, Oq uy, 28-avgust, 2014

Barak Obama, Oq uy, 28-avgust, 2014

Bugun Oq uydan turib, dunyo ahliga murojaat qilar ekan, AQSh rahbari Barak Obama Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" terror tizimiga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida yangi koalitsiya tuzilayotganini ma'lum qildi. Davlat kotibi Jon Kerri Yaqin Sharqda bu borada muzokaralar olib boradi.

Ukraina va Rossiya orasida harbiy to'qnashuvlar avj olmoqda. Amerika Kiyevni quvvatlashda davom etadi, lekin o'zi bu mojaroga harbiy jihatdan bosh suqmaydi, deydi Obama.

"Kongress yozgi ta'tildan qaytishi bilanoq qator takliflarni jadal tarzda ko'rib chiqib, Oq uy rejalarini olqishlaydi degan umiddamiz,"- deydi prezident.

"Islomiy davlat" bilan kurash uzoq vaqt olishi va puxta strategiya talab qilishi aniq, deya tan oladi Obama.

Terror tashkilotiga qarshi keskin choralar ko'rish Oq uy uchun tashqi siyosatda birlamchi masala bo'lib turibdi. Ammo Vashington Ukraina sharqidagi jarayonlardan ham ko'zini uzmayapti. Davlat xavfsizlik kengashi favqulodda majlis o'tkazib, Rossiyaga nisbatan nima qilmoq zarurligi xususida gaplashgan.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer deydiki, Kremlning yolg'onlariga ortiq chidab bo'lmaydi.

Obama fikricha, Ukrainadagi qon to'kilishlarida Rossiyani ayblash adolatdan bo'ladi.

"Ukrainaning ichki muammosi deb qaray olmaymiz. Separatistlar Rossiya tomonidan quvvatlangan, qurollantirilgan va moliya bilan ta'minlangan. Ularning har bir qadami Rossiya bilan bog'liq", - deydi prezident.

"Rossiya sovuq urush davridan beri bu qadar yakkalanmagan. Kreml o'z qilmishlari Rossiya xalqiga qimmatga tushishini anglab yetadi".

Oq uy Vladimir Putin boshliq hukumatni qanchalik tanqid qilmasin, uning siyosatini qoralamasin, urushga aralashishdan yiroq. Obama bugungi chiqishida buni bir necha bor qayd etdi.

NATO doirasida chora ko'riladi, deydi Obama. Alyans a'zolariga zarar yetsa, kollektiv xavfsizlik yo'lida keskin qadamlar tashlanadi. Kelayotgan sentabr oyida NATO Uelsda sammitga yig'iladi. Rossiya va Ukraina - asosiy mavzu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG