Obama Seulda Qozog’iston, Xitoy rahbarlari bilan uchrashdi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya kelasi oy raketa sinovlari o’tkazadigan bo’lsa, Qo’shma Shtatlar va Xitoy bunga birgalikda javob berishga kelishib oldi. Janubiy Koreya poytaxti Seulda bugun yadroviy xavfsizlik bo’yicha xalqaro sammit boshlandi.

AQSh prezidenti Barak Obama u yerda Xitoy, Rossiya va Qozog’iston rahbarlari bilan yuzma-yuz muloqot qilgan.

Xitoy prezidenti Xu Sintao Shimoliy Koreya masalasi bizni chuqur xavotirga solmoqda va Pxenyanni bu haqda xabardor qilganmiz, deydi. Ikki davlat yaqin ittifoqchilar va savdo hamkorlari.

AQSh Xitoydan ana shu nufuzidan foydalanib, qo’shni davlatga qattiq talablar qo’yishni so’ramoqda.

“Provokatsiya va do’q-po’pisa bilan xalqaro hamjamiyatdan yordam oladigan davrlar o’tib ketdi. Shimoliy Koreya tanlagan yo’l uni yanada yakkalaydi, xalqini imkoniyatlardan ayiradi. Hokimiyat tepasida o’tirganlar buni tushunishi kerak”, - deydi prezident Obama.

Barak Obama ikki Koreya o'rtasidagi chegara hududni ko'zdan kechirdi

Barak Obama ikki Koreya o'rtasidagi chegara hududni ko'zdan kechirdi

Uning aytishicha, bu gaplar Eronga ham tegishli. Ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslik to’g’risidagi bitimga a’zo davlatlar orasida faqatgina islomiy respublika unga rioya qilayotganini isbotlay olmayapti.

Eronning asl maqsadi yadro energiyasidan tinch maqsadda foydalanish bo’lsa, masalani hal qilishning diplomatik yo’llari bor, deydi Amerika rahbari.

AQSh, BMT, Yevropa Ittifoqi, Rossiya hamda Yaponiya Shimoliy Koreyaga BMT rezolyutsiyalarini eslatib, kelasi oy sun’iy yo’ldosh biriktirilgan raketani uchirish rejasidan voz kechishga undayapti. Vashington qashshoq o’lkaga gumanitar yordam yetkazishni mo’ljallayotgan edi. Sinov o’tkazilsa, bu kelishuv o’z-o’zidan bekor bo’ladi.

Yadroviy xavfsizlik bo’yicha Seulda o’tayotgan xalqaro sammitda Markaziy Osiyodan faqatgina Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev qatnashyapti.

Yuzma-yuz muloqotda Barak Obama Nazarboyevni qurolsizlanish masalalarida yetakchi rol o’ynayotgani, shuningdek, Afg’onistonda xalqaro koalitsiyaga berayotgan ko’magi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Semipalatinskda mutaxassislar yerning nurlanganlik darajasini o'lchamoqda.

Semipalatinskda mutaxassislar yerning nurlanganlik darajasini o'lchamoqda.

“Bundan 20 yil oldin Qozog’iston yadro qurollaridan voz kechgani nafaqat uning iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi, balki respublika bu sohada boshqa mamlakatlar uchun namuna bo’la oldi”, - deydi AQSh rahbari.

Obama uchrashuvda inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni ham tilga olgan.

Nursulton Nazarboyevning aytishicha, Qozog’iston Semipalatinsk poligonini yadroviy chiqindilardan tozalash va ularning tarqab ketmasligini ta’minlashda AQSh va Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qilayapti.

Yadroviy xavfsizlik masalalarida barcha davlatlar bilan yelkama-yelka turib ishlashga tayyormiz, deydi Qozog’iston prezidenti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG