Isroil bosh vaziri kelasi hafta Vashingtonda bo'ladi

  • Amerika Ovozi

AQSh va Isroil rahbarlari

AQSh va Isroil rahbarlari

AQSh-Isroil munosabatlari sovuq bo'lishiga qaramay, kelasi hafta Vashingtonga Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kelmoqda. Oq uyda u Prezident Obama bilan ikki mamlakat ziddiyatlariga sabab bo'lgan Eron yadro dasturi xususida gaplashadi.

Netanyaxu Eron bilan imzolangan bitimga qarshi.

“Bu yomon kelishuv, juda ham yomon kelishuv. Uning bo'lmagani yaxshi”, - degan edi Netanyaxu mart oyida AQSh Kongressidagi chiqishida.

Isroil rahbari Eron bilan ayom dasturi bo'yicha muzokaralarni keskin tanqid qilgan. Netanyaxu sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi nutqida ham noroziligini yashirmadi. Biroq Obama Isroil xavotiriga nisbatan shunday javob berdi.

“Eron yadro qurolini qo'lga kiritsa, Isroil, Amerika va butun dunyoga jiddiyroq tahdid soladi. Yaxshisi quroldan voz kechish evaziga uni sanksiyalardan ozod qilganimiz ma'qul", - dedi Obama.

Obamaning Netanyaxu bilan 13-uchrashuvi Oq uyda 9-noyabrga rejalangan.

AQSh prezidentining matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, ikki rahbar nafaqat Eron, balki "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurash, Isroil xavfsizligini oshirish xususida ham gaplashadi.

“Bosh vazir Obama ma'muriyatining Isroil bilan xavfsizlik bobidagi hamkorligini yuqori baholagan. Demak, prezident Isroil xavfsizligini e'tibordan qoldirayotgani yo'q va ikki mamlakat aloqalari hali ham mustahkam", - dedi rasmiy.

Obama va Netanyaxu Isroildagi so'nggi voqealarni ham muhokama qilishi kutilmoqda. Mamlakatda falastinliklarning yahudiylarga hujumlari kuchaygan.

O'tgan oy Obama zo'ravonliklarni tanqid qilib, Isroil va Falastinni hissiyotlarga berilmaslikka chaqirdi hamda AQSh vositachiligidagi tinchlik muloqotining to'xtab qolganini tan oldi.

“Jarayonni jonlantirish har iki tomon irodasiga bog'liq va biz ularga yordam berishga tayyormiz. Bu o'rtada begunoh odamlarning qoni to'kilmasligi kerak, buning oldini olish lozim", - dedi Obama.

Vashingtondagi Jons Xopkins universitetidan Daniel Serverning aytishicha, Obamaning Netanyaxuga bosim qo'yishdan boshqa ilojisi yo'q.

“Isroil G'arbiy Sohilda posyolkalar qurishda davom etmoqda. Bu AQShga ham, Falastinga ham to'g'ri kelmaydi, biroq bu bilan qurilishlar to'xtaydi deb o'ylamaslik kerak,” - deydi Server.

Obama prezidentlik muddati tugashidan oldin Isroil va Falastinni tinchlik bitimini qabul qilishga so'nggi bor undab ko'rishi mumkin, ammo yahudiylar va arablarda buning uchun siyosiy iroda yetishmasa, bu harakatdan foyda bo'lmaydi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG