Obama Oq uyda Isroil rahbari bilan ko'rishdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama (o'ngda) va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Oq uyda gaplashmoqda, 9-noyabr, 2015-yil

AQSh Prezidenti Barak Obama (o'ngda) va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Oq uyda gaplashmoqda, 9-noyabr, 2015-yil

AQSh Prezidenti Barak Obama bugun Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni qabul qildi. Uchrashuv chog'ida Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitim haqida gap ketgan.

Netanyaxu kelishuvni tanqid qilib keladi. Mart oyida u AQSh Kongressida so'zlab, o'z xavotirlarini va bitimga qarshiligini bildirgan. Obama ma'muriyatiga ko'ra esa, bitim Eron atom faoliyatini cheklashga va dasturini nazorat qilishga imkon yaratadi.

Oq uydagi uchrashuvda Vitse-prezident Jo Bayden ham qatnashgan.

Netanyaxu Isroil xavfsizligi masalasini ko'tarib, buning uchun zarur moliyaviy yordam miqdorini oshirishni so'rashi kutilgan edi. Ayni damda Isroil o'z harbiy ehtiyojlari uchun AQShdan yiliga uch milliard dollardan sal ko'proq pul oladi. 10 yillik kelishuv muddati 2017-yilda tugaydi. Netanyaxu bitimni yangilab, yordam miqdori 4 yoki 5 milliard dollarga yetkazilishini istaydi.

Obama va Netanyaxu Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarini jonlantirish xususida ham gaplashgan.

Eron bilan imzolangan kelishuv natijasida ikki davlat munosabatlari sovuqlashgan. Ustiga ustak, Isroil bosh vazirining yaqinda tayinlangan matbuot kotibi Ron Baratzning Facebook ijtimoiy sahifasida bildirgan ayrim izohlari Obama ma'muriyatini g'azabga soldi.

Baratz Obamani antisemitizmda ayblab, Amerika Davlat kotibi Jon Kerrining fikrlash qobiliyatini 12 yoshli bolanikiga qiyoslagan.

Davlat departamenti bunday izohlarni qoralab, Ron Baratzning ishdan olinishini talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG