Prezident Obama Navro'z ayyomi bilan tabrikladi

  • Amerika Ovozi

21-mart Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2010-yilda xalqaro Navro’z kuni deb e’lon qilingan edi. Prezident Barak Obama Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo xalqlarini bu ayyom bilan qutladi.


Obamaning tabrigida Eron alohida tilga olinadi. Video murojaatida u bu davlat ahlini aloqalarda yangi sahifa ochishga undadi.

“Oilalar dasturxon atrofida jamuljam bo’lib, Navro’z ayyomini nishonlar ekan, bahor va yangi yil bilan sizni muborakbod etaman. Bu kun do’st-birodar, yaqinlar bir-biridan xabar oladi, tinchlik, totuvlik, birdamlikning qadri ayniqsa eslanadi”, - deydi Obama.

AQSh prezidenti nazarida bu kun Eron xalqi va rahbariyatiga qo’l uzatish uchun noyob imkoniyat.

“Ishga kirishgan kunimdanoq bu mamlakatga yuzlandim. Xalqaro majburiyatlarga amal qilsa, Tehron va Vashington aloqalari butunlay yangilanishi, Eron jahon hamjamiyati davrasiga qaytishi mumkin”, - deydi Oq uy rahbari.

Obamaning aytishicha, bir necha o’n yillik ishonchsizlik, shubha bilan qarashni yengish oson emas. Eron va Amerika o’zaro bahslar va tafovutni chetga surishi uchun jiddiy, muntazam ishlash zarur. Mintaqa va dunyo xavfsizligi hamda tinchligiga tahdid solayotgan Tehron yadro dasturi bunga misol, deydi AQSh prezidenti.

“Amerika kelishmovchilikni murosa yo’li bilan hal qilish tarafdori”, - deydi Obama.

“Agar Eronning yadroviy tadqiqotlari, haqiqatan, tinch maqsadni ko’zlasa, demak yechim bor. Tehron o’z izlanishlari haqida jahon ahliga batafsil ma’lumot bersin-da, yadroviy energiyadan bemalol foydalanishi mumkin”, - deydi prezident.

Obamaning aytishicha, yechim topish oson bo’lmaydi.

“Biroq tortishuvlarni yenga olsak, Eron xalqi boshqa davlatlar, jumladan, Amerika bilan savdo, sarmoya imkoniyatlaridan bahramand bo’ladi. Hozirgi siyosat davom etsa, Tehron o’zini yakkalab boraveradi”, - deydi Obama.

Eronning izolyatsiyasidan hech kimga naf yo’q, deydi u. Dunyo ahli bu mamlakatdagi iste’dod va kashfiyotlardan bexabar qolayotgani achinarli.

“Tabiat uyg’onar ekan, yurtlarimiz adovatni unuta oladi, degan umiddaman. Bu yo’lda astoydil mehnat qilishda davom etaman. Rahmat. Navro’z ayyomi muborak bo’lsin”, - deydi Barak Obama.

AQShning O’zbekistondagi elchisi Jorj Krol ham bayram tabrigi yo’lladi.

“Davlatlarimiz va xalqlarimiz o’rtasida hamkorlik uchun imkoniyatlar kengayib bormoqda. Bu yangi kunda O’zbekiston xalqiga tinchlik, sog’lik va farovonlik tilayman”, - deyiladi elchixona taqdim etgan nomada.

Barak Obamaning murojaatini tomosha qiling (ingliz tilida):

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG