Barak Obama Navro'z tabrigini Eron yoshlariga bag'ishladi

  • Amerika Ovozi

Barak Obama ayni damda oilasi bilan Lotin Amerikasi bo'ylab safarga chiqqan. Braziliya, Chili va Salvadorda bo'ladi.

Barak Obama ayni damda oilasi bilan Lotin Amerikasi bo'ylab safarga chiqqan. Braziliya, Chili va Salvadorda bo'ladi.

AQSh rahbari Barak Obama yurti va butun dunyo bo’ylab Navro’zi olamni nishonlayotgan insonlarni ushbu ayyom bilan qutladi.

O'tgan hafta AQShning Toshkentdagi muvaqqat elchisi Dueyn Butcher O'zbekiston xalqini bu bayram bilan muborakbod etgan edi.

Navro’z yangilanish, uyg’onish bayrami, dedi Obama, asosan Eron yoshlariga qaratilgan rasmiy murojaatida.

“Bu ayyomni siz, Eron xalqi, do’st-birodarlar davrasida nishonlab, ertangi kunga ulkan umidlar bog’laysiz. Chunki Navro’z umid va yangilanish fasli. Bugun, biz bilamizki, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika uzra, qanchalik qiyin bo’lmasin, yangilanish shabadasi esmoqda",- dedi prezident.

"Shunday qadriyatlar borki, ular umumbashariydir – uyushish va birlashish erkinligi, erkin fikr bildira olish va o’z rahbarlaringizni tanlash. Butun mintaqa bo’ylab shuni ko’rib turibmizki, odamlar mas’uliyatli, javobgarlikni his qiladigan hukumat bo’lishini talab qilmoqda”.

Prezident fikricha, erkinlik talabi yangi emas. Qohiraning “Tahrir” maydonida inqilobga olib borgan namoyishlar singari Eronda ham, Tehronning “Ozodi” maydonida 2009 yilning iyun oyida omma ko’chaga chiqib, adolat talab qila boshlagan edi.

“Lekin Eron rahbarlari hokimiyatda qolish uchun xalqning huquq-erkinliklarini chetga surishga tayyor ekanini ko’rsatib kelmoqda”,- dedi Obama.

"Ikki yildirki, mamlakatda fuqarolarga nisbatan taqyiqlar oshib, yosh-qari, ayol-erkak, boy-kambag’al, tuzumga xavf solganlikda ayblanib, yuzlab insonlar panjara ortiga tashlanmoqda. Yana qanchasi bedarak ketgan. Qamoqxonalarda qiynoqlar avjida. Ayollar tahriqlanmoqda, bolalar o’limga mahkum etilmoqda. Jurnalistlarning ovozi o’chirilgan”.

Jahon ahli vaziyatdan xavotirda va nima bo’layotganini yaxshi biladi, deydi Obama.

“Eron hukumati bu qilmishlari bilan qudratli ekanini emas, qo’rquvda ekanini isbotlamoqda”, - dedi AQSh rahbari.

“Hukumat o’z fuqarolaridan shu qadar qo’rqadiki, ularga na axborot olish va na bir-biri bilan aloqa qilishiga yo’l beryapti. Lekin Eron kelajagini bu qo’rqinch hal etmaydi. Eron kelajagi uning yoshlari qo’lida. Ular o’z taqdirini o’zi belgilaydi”.

Rio de Janeyro, Braziliya

Rio de Janeyro, Braziliya

Eronda aholining 60 foizdan ortig’i 1979 yilgi islomiy inqilobdan keyin dunyoga kelgan. Obama nazarida bu yosh avlod o’tmish illatlaridan yiroq va erkin va farovon yashash uchun imkoniyat istaydi.

“Siz, yosh eronliklar, buyuk fors madaniyatini kelajakka yetkaza oladigan avlodsiz. O’zingiz xohlagandek yashashga haqlisiz. Iqtidor, umid va orzu-istagingizga asoslangan mamlakat barpo eta olasiz. Shu tariqa dunyo tinchligi va ravnaqiga hissa qo’shasiz. Hozir o’ta murakkab davrlarni boshdan kechirayapsiz. Bilingki, men siz bilanman”,- dedi Obama.

“Bu fasl sizning faslingiz bo’lsin, yangilanish hissi sizni tark etmasin. Navro’z muborak”!

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG