Obama tarixiy Brandenburg darvozasi qarshisida nutq so’zladi

  • Amerika Ovozi

Berlindagi tarixiy Brandenburg darvozasi oldida qilgan chiqishida, prezident Barak Obama jahonda tinchlik va adolat targ’iboti, jumladan, AQSh va Rossiyaning yadroviy arsenalini kamaytirish to’g’risida so’zladi.

Tarixiy maydonda so’zlar ekan, prezident Obama AQSh va Rossiyaning yadro arsenalishi kamaytirishga chaqirdi.

“Masalani har jihatdan o’rganib chiqib, shu xulosaga keldimki, Amerika strategik yadro qurollari sonini kamaytirsa ham o’zining va ittifoqchilarining xavfsizligini ta’minlashga qodir. Rossiya bilan ham bu borada kelishib olamiz”, - deya ishonch bildirdi Obama.

Vashington va Moskva o’rtasida 2010-yilda erishilgan yangi START bitimi bu yo’nalishda birinchi qadam edi. Bu ishni davom ettirish haqida gap ketmoqda.
AQSh va Rossiyaning Yevropadagi raketalarini kamaytirish uchun NATO bilan hamkorlik qilamiz, deydi Obama.

Qurollar yoyilmasligining muhim bir sharti - yadroviy materiallarni nazorat ostiga olishdan iborat. Rossiya bilan bu borada kelishuv e’lon qilindi.

2016-yilda Amerika yadroviy xavfsizlik bo’yicha sammitga mezbonlik qiladi. Obama yadro sinovlarini taqiqlashga ham chaqirmoqda. AQSh rahbari nutqida Eron va Shimoliy Koreyani tilga oldi.

Obamaning Berlindagi nutqi tarixiy ahamiyat kasb etadi. Bundan yarim asr ilgari prezident Jon Kennedi shu minbardan turib, “men Berlin farzandiman” deb hayqirgan.

1987-yilda esa prezident Ronald Reygan Sovet Ittifoqini Berlin devorini olib tashlashga undagan edi.

Ammo Obama Sovuq urush davrida g’arb va sharqni bir-biridan ajratgan Brandenburg darvozasining sharqiy qismida nutq so’zlagan ilk AQSh rahbari.

Uning aytishicha, hozir atrofda tanklar, Berlinni ikkiga ajratgan devor-u tikanak simlar bo’lmasa-da, insoniyat oldida yechimini kutayotgan boshqa muammolar talay.

“AQSh va Yevropa o’z muammolari bilan bo’lib, tinchlik naqadar nozik ne’mat ekanini unutib qo’ymaylik. Tarix bilan hisoblashib bo’lganmiz, deb ajdodlarimiz erishgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaylik. Buyuk davlatlar doimo harakatda bo’lishi kerak”.

Obama 21-asrning eng dolzarb muammolari – ocharchilik, ishsizlik, nafrat va sabrsizlik, hamda yadro qurollarini kamaytirishga chaqirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG