Obama: "Sony" filmni ekranlarga chiqarmay xato qildi

  • Amerika Ovozi

"Intervyu" filmi katta ekranlarga chiqmaydi.

"Intervyu" filmi katta ekranlarga chiqmaydi.

Prezident Barak Obama "Sony Pictures" kinokompaniyasining yangi filmni ekranlarga chiqarmaslik qarorini xato deya ta'rifladi.

Kiber-xurujlar natijasida Gollivudning bu kinostudiyasi Shimoliy Koreya haqidagi yangi filmni ko'rsatmaslikka ahd qilgan. Studiya xakerlarga ko'nishdan oldin "avval men bilan maslahat qilsa bo'lar edi" dedi Obama.

Pxenyan aktyorlar Set Rogen va Jeyms Franko bosh rollarni ijro etgan komediyani o'ziga tahdid deya bilgani tuzumning naqadar zaif ekanligidan dalolat beradi, deydi prezident.

Eslatish kerak, kiber-xurujlar natijasida sal oldin kinostudiyaning shaxsiy hujjatlari va xodimlarning elektron maktublari internetga yoyilgan edi.

Pxenyan "Intervyu" nomli bu filmni qoralab, terrorizm va urushga tenglashtirmoqda. Biroq kiber-hamlaga aloqamiz yo'q, deydi rasmiylar.

Kommunist davlat "Sony"ga xakerlik hujumlari uyushtirgan odamlar Shimoliy Koreya hukumatining sodiq tarafdorlari bo'lishi mumkin, deyish bilan cheklangan. Biroq AQSh Federal qidiruv boshqarmasi kiber-hujumda to'g'ridan-to'g'ri Shimoliy Koreyani aybladi. Kommunistik mamlakat hukumatini ayblash uchun dalillar yetarli, deydi Amerika razvedkasi.

Komediya janridagi bu filmda Amerika razvedkasi ikki jurnalistni yollab, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Unni o'ldirish bilan vazifalantiradi. Film 25-dekabrda ekranlarga chiqishi kerak edi.

Xakerlar shu hafta e'lon qilgan bayonotida kinoteatrga borganlarni "qaroringizdan afsuslanasiz hali" deya ogohlantirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG