Obama Pokistondan AQSh manfaatlarini hisobga olishni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy va prezident Obama Seuldagi anjuman doirasida uchrashmoqda, 27-mart, 2012-yil

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy va prezident Obama Seuldagi anjuman doirasida uchrashmoqda, 27-mart, 2012-yil

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Pokiston AQSh bilan munosabatlarini qayta ko'rib chiqish jarayonida nafaqat o'z suvereniteti, balki AQShning xavfsizlik ehtiyojlarini ham hisobga olishi kerak.

Obama bugun Seulda o'tayotgan yadro xavfsizligiga doir xalqaro anjuman doirasida Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy bilan shu haqda gaplashgan.

O'tgan yil may oyida AQSh maxsus kuchlari Pokistonga xabar bermay, uning hududida Osama bin Ladenga qarshi operatsiya o'tkazgach, so'ng noyabr oyida NATO havo hujumida 24 pokistonlik askar halok bo'lgach, ikki davlat o'rtasiga sovuqlik tushgan edi.

Pokiston AQSh va NATO kuchlari uchun ta'minot yo'llarini yopib, parlament Qo'shma Shtatlar bilan munosabatlarni qayta ko'rib chiqishga qaror chiqargan.

Prezident Obamaning aytishicha, ba'zi hollarda o'rtada taranglik vujudga kelgani rost va shu sabab Pokiston parlamentining qarori orani ochiq qilishga yordam beradi.

Biroq shu bilan birga, deydi Obama, Pokiston qonunchilari AQSh xavfsizlik manfaatlarini, xususan amerikaliklarni nishonga olayotgan terrorchilarga qarshi kurash zaruratini hisobdan chiqarmasligi kerak.

Bosh vazir G'iloniyning aytishicha, har ikki davlat Afg'oniston barqaror bo'lishidan manfaatdor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG