Obama politsiya va aholi munosabatlarini yaxshilash umidida

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Dallasda halok bo'lgan politsiyachilar sharafiga o'tkazilgan xotira kechasida. Dallas, Texas, 12-iyul, 2016-yil.

Prezident Barak Obama Dallasda halok bo'lgan politsiyachilar sharafiga o'tkazilgan xotira kechasida. Dallas, Texas, 12-iyul, 2016-yil.

Prezident Barak Obama Amerika jamiyati, ayrimlar da’vo qilganidek bo’lingan emas, deb aytishi ortidan huquq-tartibot xodimlari, fuqarolik huquqlari yetakchilari, faollar hamda siyosatchilarni jamlab, irqchilik va zo’ravonlikka birgalikda yechim topish yo'llarini muhokama qilmoqchi.

AQSh rahbari kecha, seshanba kuni Dallasga borib, halok bo’lgan besh politsiyachi sharafiga tashkil etilgan xotira marosimida qatnashdi. Bugun u Oq uyda yana bir yig’in o’tkazib, politsiya va jamoatchilik o’rtasida ishonchni qayta tiklash masalasiga alohida e’tibor qaratadi.

O’tgan hafta Dallasdagi namoyishda besh politsiyachining otib o’ldirilishi ortidan mamlakatda irqchilik va politsiya ayirmachiligi masalasida bahslar yanada avj oldi.

Prezident halok bo’lgan huquq-tartibot organi vakillarini sharaflab, mamlakatni birdamlikka va umidvor bo’lishga undadi.

“Amerikaliklar nimalarni his qilayotganini tushunaman. Lekin men bu yerga umidsizlikni rad eting, deb aytishga keldim”, - dedi Obama.

U mamlakatni hozirgi irqiy munosabatlar haqida ochiq-oydin gapirishga chaqirdi. Ayni paytda politsiyachilarning aksariyati hurmat va sharafga loyiq ekanini aytdi.

So’nggi o’n yilliklarda irqiy munosabatlar jiddiy yaxshilanganiga qaramay, ayirmachilik hanuz mavjud, dedi prezident.

“Nafrat va adovat”

“Ular ko’k formadagi tinchlikparvarlar edi; shuning uchun halok bo’lishdi, - dedi Dallas meri Mayk Roulings. – Politsiyachilarga qo’rqoqlarcha pistirmadan hujum qilishganda, shahrimiz ruhi parchalandi. Biz endi birdam bo’lishimiz kerak”.

Vitse-prezident Jo Bayden hamda sobiq prezident Jorj Bush ham Dallasdagi xotira kechasida qatnashdi.

Bush hujum ortida turgan “nafrat va adovat”ni qoralab, xalqni birdamlikka, umid va bag’rikenglikka chaqirdi.

TOMOSHA QILING: Obama va Bushning Dallasdagi nutqidan parcha (ingliz tilida)

So’zdan harakatga

Dallasga safari davomida Obama Luiziana va Minnesota shtatlarida politsiya qo’lidan halok bo’lgan ikki yigit – Alton Sterling va Filando Kastile – oilasiga telefon qilib, ularga Amerika xalqi nomidan ta’ziya bildirdi.

“Bu mavzularda hammaning haqli xavotir va da’volari bor, - dedi Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest. – Prezident mana shu muhokamalarni endi amaliy choralarga boshlamoqchi”.

Prezident Obama namoyishlarda zo’ravonlik yuz berishini qattiq qoraladi, lekin aholining nega g’azablanayotganini ham tushunishini bildirdi.

U bugun davlat va jamoatchilik vakillari bilan shu masalalarni atroflicha muhokama qilishi hamda shu asosda amaliy choralar e'lon qilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG