Obama xalqqa murojaatida qaysi masalalarga e'tibor qaratadi?

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama

AQSh prezidenti Barak Obama

Prezident Barak Obama ertaga Kongressning qo’shma sessiyasida rasmiy nutq bilan xalqqa murojaat qiladi. Millionlab odamlarning televideniye orqali uning nutqini tinglab tomosha qilishi kutilyapti. Ushbu murojaat prezident uchun tobora tushib borayotgan siyosiy obro’sini yaxshilash uchun yana bir imkoniyatdir.
2013-yilda prezident Obama uchun siyosiy jarayon o’gir kechdi. Qabul qilinishi uchun uzoq kurash olib borilgan sog’liqni saqlash qonunining ijrosida muammolar ko’zga tashlandi.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, prezidentning ish faoliyatidan qoniqayotgan aholi soni 40 foiz atrofida. Bu amaldagi davlat rahbari uchun yaxshi ko’rsatkich emas.

Kuinnipek universiteti yaqinda o’tkazgan so’rovda ishtirokchilarning faqat 40 foizi Obamaning ishidan ko’ngli to’layotganini aytgan. 54 foizi esa prezident faoliyatidan norozi.

So’rov tashkilotchilaridan biri Tim Melloyning aytishicha, norozilik sabablari turlicha.

“Iqtisodiyot, federal byudjet hamda tashqi siyosat jabhalarida prezidentning reytingi past. Saylovchilarning katta qismi sog’liqni saqlash sohasida ham prezidentga salbiy baho beradi”, - deydi u.

Xalqqa murojaatida Obamaning iqtisodiy muammolarni tilga olishi kutilyapti. AQSh iqtisodiyoti o’zini tiklab borayotgan hozirgi paytda prezident e’tiborni bu o’sishning barcha uchun birdek imkoniyat yaratishiga qaratadi.

Shi yil noyabr oyida bo’lib o’tadigan Kongress saylovlarida ham demokratlar amerikaliklar daromadi o’rtasidagi notenglikni kamaytirishga alohida urg’u beradi.

Brukings tadqiqotlar instituti tahlilchisi Tomas Man fikicha, demokratlar iqtisodga, xususan, iqtisodiy adolat tamoyiliga ham e’tibor qaratish orqali Kongress saylovlarida g’alaba qozonishga umid qilmoqda.

“Iqtisodiyotning ahvoli qanday? Ya’ni ish, o’sish va maoshlar qay ahvolda? Buning ortida turgan asosiy mavzu esa iqtisodiy tengsizlik hamda “Ikki xil Amerika” masalasidir”, - deydi u.

­­Muxolif respublikachilar ham iqtisodiy o’sishni jadallashtirish hamda yangi ish o’rinlari yaratishni o’z oldida turgan asosiy maqsad deb biladi. Ayni paytda ular sog’liqni saqlash tizimida yuz bergan muammolarga e’tibor qaratib, amaldagi hukumatni obro’sizlantirishga urinishda davom etadi.

Har yili yanvar oyida qilinadigan xalqqa murojaat prezident uchun ichki va tashqi siyosatga oid qarashlarini olg’a surishdagi eng yaxshi imkoniyatdir.

Tahlilchilar fikricha, Obama tashqi siyosatida kuzatilgan qiyinchiliklar ham joriy yildagi saylov natijalariga ta’sir ko’rsatishi mumkin. Eron yadro dasturiga oid muammolarning tugamayotgani, shuningdek, Al-Qoida va unga aloqador boshqa terrorchi guruhlarning dunyoga tahdid solishda davom etayotgani AQShning sustkash tashqi siyosati bilan bog’lanishi mumkin.

Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, aksar hollarda ikkinchi muddatini o’tayotgan prezidentning partiyasi Kongress saylovlarida imkoniyatni boy bergan.

Siyosiy tahlilchi Deyvid Vassermanning aytishicha, Obamaga ikki bor yordam qo’lini cho’zgan yoshlar, ozchilik guruhlar hamda ayol saylovchilar, odatda, Kongress saylovlarida faol ishtirok etmaydi.

“Agar ularning soni kamayib ketsa, saylovchilar orasidagi respublikachilar miqdori ikki yil avvalgi holatga qaraganda 2-3 barobar oshib ketadi. Demokratlar uchun eng katta xavf shu”, - deydi u.

Aksariyat tahlilchilar nazarida, respublikachilar Vakillar palatasida hozirgi o’rinlarini saqlab qoladi yoki yanada ko’proq o’rinlarni qo’lga kiritadi.

Asosiy kurash Senat uchun bo’lishi kutilyapti. Senatda hozir demokratlar ustun, ammo saylovga qo’yilayotgan 35 o’rinning aksariyati respublikachilar kuchli bo’lgan shtatlarga tegishli.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG