Breaking News

Obamaning reytingi nega past?


Prezident Barak Obama
Prezident Barak Obama

Amerikada o’tkazilgan yangi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklar prezident Barak Obamaning tashqi siyosat, iqtisodiyot, sog’liqni saqlash, terrorga qarshi kurash kabi sohalardagi siyosatini qo’llab-quvvatlamay qo’ygan. Bungacha o’tkazilgan boshqa so’rovlardan ham Obama va uning faoliyatiga qiziqish va xayrixohlik so’nib borayotganini ko’rsa bo’ladi.

So’nggi so’rovda qatnashganlarning 33 foizi Obamani Amerikaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yomon prezidenti deb hisoblaydi, 28 foizi esa sobiq prezident Jorj Bush haqida shunday fikrda.

Amerikaliklar nazarida 1945-yildan keyingi 12 prezident orasida eng yaxshisi respublikachi Ronald Reygan. So’ralganlarning 35 foizi shunday degan. Reygandan so’ng Bill Klinton va Jon Kennedi turibdi.

Obama ko’p sohalardagi faoliyati uchun eng past baho olgan. Amerikaliklarning 40 foizi uning iqtisodiy siyosatini yoqlaydi, 37 foizi esa tashqi siyosatni to’g’ri yuritmoqda degan fikrda.

So’rovni Konnektikut shtatida joylashgan Kvinipek universiteti o’tkazgan.

Loyihada qatnashgan Tim Malloyning aytishicha, Obamaning reytingi ayniqsa tashqi siyosatda keskin tushib ketdi.

"Layoqat bobida u 10 foiz yo’qotdi. Bu unga qattiqroq zarba bo’lishi mumkin, chunki saylov kampaniyasida aynan tashqi siyosat uning eng kuchli tomoni edi", - deydi eskpert.

Reytingi past bo’lsa-da, Obama tarafdorlarini uni qo’llab-quvvatlashga da’vat etishda davom etmoqda.

Kongressdagi respublikachilar qarshiligiga qaramay, prezident immigratsiya islohotiga doir o’zgarishlarni parlament orqali emas, balki o’z farmoni bilan kuchga kiritmoqchi.

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner buning oldini olish uchun prezidentga qarshi federal sudda da’vo ochmoqchi.

"Prezident qonunlarni sidqidildan ijro etishi kerak deb Konstitutsiyada aniq yozilgan, ammo mening nazarimda bunday bo’lmayapti", - deydi Beyner.

Barak Obama respublikachilarning bu do’q-po’pisasini jiddiy qabul qilgani yo’q va zarur bo’lsa, o’z vakolatini ishga solishini aytdi.

"O’rta sinf oilalar Kongressdagi respublikachilar bu ishga qachon qo’l urar ekan deb kuta olmaydi. Mayli, sudga bering meni. Ularning o’zi yengini shimarmas ekan, men qilayotgan urinishilarim uchun uzr so’ramayman", - dedi Obama.

Tashqi siyosat ko’pdan beri Obamaning eng kuchli tomoni edi. Biroq Iroqda vaziyatning keskinlashishi xalqning unga bo’lgan ishonchini tushirmoqda, deydi tahlilchi Jon Fortye.

"Iroqda ahvolning yomonlashgani prezidentga muammo tug’diryapti, chunki uni ham bunda qisman ayblashadi. Hozir qo’lidan bir ish kelmaydi. Amerikaliklarning o’zi ham nima qilish kerakligi haqida hamfikr emas", - deydi Fortye.

So’rovni o’tkazgan loyiha vakili Tim Malloyning aytishicha, prezidentning bu masalada bir tomonlama ish tutishi ham siyosiy foyda, ham zarar keltirishi mumkin.

"Prezidentlarga ikkinchi to’rt yillikda oson bo’lmagan. Davlat rahbari to’g’ri yo’ldan og’yaptimi? Qarorlarni maslahatsiz qabul qilyaptimi? Ayrimlar bunga “ha” deb javob berishi mumkin. Biroq bu Vashington siyosatiga xos azaliy jumboq. Uning tarafdorlari prezidentning boshqa chorasi yo’q, deydi, qarshi tomon esa uni qoidaga xilof ish tutayotganlikda ayblaydi", - deydi Malloy.

Obamaning partiyadoshlari prezident reytingining tushayotgani noyabrda Kongressga bo’ladigan saylovlarda demokratlarga zarar qilishi mumkinligidan xavotirda.

Tahlilchilarga ko’ra, respublikachilar Vakillar palatasidagi ustunligini saqlab qolib, demokratlardan Senatda bir necha o’rinni tortib olishga va u yerda ham ko’pchilikni qo’lga kiritishga harakat qiladi. Shunda Obama prezidentligining so’nggi ikki yilida har ikki palata respublikachilar nazoratida bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG