Obama martda Yevropaga safar qiladi, Rim papasi bilan uchrashadi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama mart oyida Vatikanda Rim papasi huzurida bo’ladi. Qashshoqlik va tengsizlik - kun tartibidagi asosiy mavzular.

Oq uy bayonotiga ko’ra, Obamaning Vatikanga safari 27-martga belgilangan. Kambag’allik va ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurash kabi mushtarak maqsadlar muhokamada bo’ladi, deyiladi unda.

Qo’shma Shtatlarda, qolaversa jahon bo’ylab boy va kambag’allar orasida tafovut o’sib borayotgani prezident Obama uchun dolzarb masala. O’z nutqlarida buni qayta-qayta tilga olgan.

1979-yildan buyon AQSh iqtisodiyoti hajmi ikki baravar o’sgan, ammo bundan naf ko’rayotganlar sanoqli.

“Mazkur muammo faqatgina AQShning bozor iqtisodiyotiga xos narsa emas. Barcha rivojlangan davlatlarda shu ahvol. Yaqinda pop aytganidek, nima uchun uysiz bir qariya sovuqdan o’lgani yangilik emas-u, lekin aksiya bozorida narxlar biroz pasaysa bu yangilik?” – deydi prezident.

O’tgan yili Rim papasi abort, gomoseksualizm va konstraseptiv vositalar xususida so’z yuritar ekan, “cherkovimiz juda tor fikrlayapti, bo’lar-bo’lmas qoidalarga o’ralashib qolganmiz”, deb ta’kidlagan edi.

Obama uning so’zlarini olqishlagan.

“Papa Iso payg’ambarning ta’limoti bo’yicha yashaydigan, qashshoq va bechoralarga shafqatli, odamlarni birlashtirishga harakat qilayotgan insondek gavdalanadi”, - deydi AQSh rahbari.

Obama rafiqasi bilan so’nggi bor Vatikanda 2009-yilda bo’lib, Benedikt XVI bilan uchrashgan edi.

24-25-mart kunlari Niderlandiyada Yadroviy xavfsizlik bo’yicha sammit o’tishi rejalangan. 2010-yilda o’xshash yig’inga mezbonlik qilgan Obama unda qatnashadi.

Bryusselda esa AQSh-Yevropa sammitida Obama Belgiya rasmiylari va NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bilan ko’rishadi. Italiya prezidenti Jiorjio Napolitano va Bosh vazir Enriko Letta bilan ham muloqot belgilangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG