Obama: Shimoliy Koreya adabini yeydi, Kuba bilan esa do'stlashamiz

  • Amerika Ovozi

Oq uy, 19-dekabr, 2014

Oq uy, 19-dekabr, 2014

Amerika rahbari Barak Obama Shimoliy Koreya Gollivuddagi yirik kompaniyalardan biri "Sony Pictures"ga kiber-xuruj qilgani uchun jazolanadi deydi.

Aynan qanday jazo? Bu vaziyat va imkoniyatga qarab qilinadi, deydi prezident.

Shimoliy Koreya ayblovni inkor etib, "begunoh ekanimizni isbotlashga tayyormiz" deya bildiradi bu davlat tashqi ishlar vazirligi.

Federal qidiruv byurosi olib borgan izchil tekshiruvlar hujum Pxenyan ishi ekanini fosh etdi, deydi prezident.

"Sony Pictures" yaratgan "Intervyu" filmida qahramonlar Shimoliy Koreya rahbari bilan suhbatlashishni rejalaydi va Markaziy razvedka agentligi ular orqali diktatorni o'ldirishni ko'zlaydi. Kartina Pxenyan tomonidan keskin qoralangan. Federal agentlarning aytishicha, kinokompaniyaga hujum aynan shu bois qilingan.

"Sony Pictures" filmni ekranga chiqarmaslikka qaror qilgan.

Yangi yil ta'tiliga ketish oldidan jurnalistlar bilan yillik anjuman o'tkazgan Obama fikricha esa bu noto'g'ri ish.

Kinokompaniya rahbariyati nazarida prezident masala mohiyatini tushunmayapti. "Biz o'zimizni himoya qilishga majburmiz",- deya bayon qilmoqda "Sony Pictures".

Obama esa "Intervyu" ni tomosha qilish tarafdori:

"Qayerdagi bir diktatorning qarori bizning jamiyatimizda, Qo'shma Shtatlarda senzuraga turtki bermoqda. Satirik kinoni ommaga ko'rsatmaslik qo'rqinchga asoslangan. Nima biror hujjatli film yoki deylik, yangilik kimgadir yoqmasa, ular bu narsalarni shunday shantaj orqali erkandan oldiradimi? Undan ham battari - agar prodyuserlar va distribyutorlar o'zini o'zi senzura qila boshlasa... Chunki ularning mahsuloti qayerdadir kimgadir yoqmayapti. Aslida gap egasini topishi kerak. Biz nega qo'rqayapmiz? Amerika bunday yurt emas".

O'zini "Tinchlik posbonlari" deb nomlagan xakerlar guruhi Gollivuddagi kiber-xurujlari bilan maqtanib, "Intervyu" ekranga chiqsa, yanada kattaroq hujumlar qilamiz deya ogohlantirgan.

Yildagi so'nggi matbuot anjumanida Obama Kuba bilan aloqalarni tiklash vaqti kelgani va tomonlar astalik bilan rishtalarni rivojlantirajagini aytdi.

Kuba bir kunda o'zgarib qolmaydi, deydi prezident, lekin orol-davlat yarim asrlik siyosati ish bermaganini tushuna boshlagan va yangi yo'ldan bormoqchi.

2015-yildan boshlab AQSh Kongressining har ikki palatasida muxolifat, Respublikachilar partiyasi, hukmron bo'ladi. Demorkat prezident ishi og'irlashishi tan oladi, ammo konservatorlar bilan hamkorlikka shay. Demokratiya bu, deydi u, maqsad xalq uchun xizmat qilish ekan, siyosatchilar til topishishga majbur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG