Breaking News

AQShda zavodlarga yangi ekologik talablar qo'yilmoqda


Toza energiya tashabbusi Amerikada 600 dan ziyod ko’mir zavodlariga taalluqli. Bu inshootlar mamlakat havosini eng ko’p bulg’ayotgan manbadir.
Toza energiya tashabbusi Amerikada 600 dan ziyod ko’mir zavodlariga taalluqli. Bu inshootlar mamlakat havosini eng ko’p bulg’ayotgan manbadir.

Havoni eng ko'p ifloslaydigan davlatlardan bo'lgan Qo'shma Shtatlar uchun bu katta gap.

Obama ma’muriyati Amerika zavodlaridan chiqayotgan zaharli gazlarni kamaytiruvchi keskin qoidalar bilan chiqdi. Taklif tarafdorlari nazarida bu bilan xalq salomatligi yaxshilanib, Qo’shma Shtatlar global iqlim isishiga qarshi kurashda o’z mavqeini mustahkamlaydi. Qarshilar fikricha esa yangi qoida iqtisodiyotga ziyon qiladi.

Toza energiya tashabbusi (Clean Energy Plan) Amerikada 600 dan ziyod ko’mir zavodlariga taalluqli. Bu inshootlar mamlakat havosini eng ko’p bulg’ayotgan manbadir. AQSh Tabiatni asrash agentligi (U.S. Environmental Protection Agency) rasmiysi Jina Makarti (Gina McCarthy) taklifni e’lon qilayotib, iqlimdagi o’zgarishlarni to’xtatish uchun dadil harakat qiladigan fursat yetdi, deydi.

“Oilalarimiz salomatligi va farzandlar kelajagi uchun tabiat himoyasiga otlanishimiz farz. Iqlimdagi salbiy o’zgarishlar oldini olib, kashfiyotlarga turtki beramiz. Sarmoyalar kirishi va ish o’rinlari yaralishi uchun xizmat qilamiz. Ilg’or davlat degan nomimiz bo’ladi”, - deydi Makarti.

Rejaga ko’ra, 2030-yilga qadar havoni ifloslayotgan gazlar 30 foizga qisqarishi kerak bo’ladi. Makartining aytishicha, har bir shtat ijroga o’zicha yondashishi mumkin:

“Har xil shtatda vaziyat boshqa, demak ijro ham boshqacha bo’ladi”.

Obama energiyani tejash, shamol va quyosh nuri kabi muqobil energiya manbalarini qo’llash, havoni kamroq zararlovchi tabiiy gazdan kengroq foydalanishni nazarda tutadi.

Ko’mir zavodlari AQSh elektr ta’minotining uchdan birini qoplaydi. Kommunal xizmat ko’rsatuvchi kompaniyalar qarshi emasday, lekin ko’mir sanoati yo’q, demoqda. Zavodlar yopilib, ish joylari qisqaradi, elektr toki qimmatlab, bizneslar chetga chiqib ketadi, deydi ular.

Obamaning javobi:

“Amerikada iqtisodiy foyda va bolalarimiz salomatligi o’rtasida nimani tanlasak ekan, deb o’ylashimiz shart emas. Oldinlari edi u – yo tabiatni asraymiz, yo iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlaymiz deb o’ylashlar. Bugun AQSh yangi texnologiya yordamida eski qoliplarni yorib chiqayapti”.

Ekologlar so’zlariga ko’ra, Obamaning rejasi jahon hamjamiyatiga signal: Amerika iqlimdagi salbiy o’zgarishlarga qarshi kurashda g’ayrat ko’rsatmoqchi. Ushbu reja ma’qullanishdan oldin bir yil davomida muhokama qilinishi kerak bo’ladi. Ko’mir sanoati esa qarshi sud ishi qo’zg’atishi kutilmoqda.
AQSh Tabiatni asrash agentligi rasmiysi Jina Makarti: “Oilalarimiz salomatligi va farzandlar kelajagi uchun tabiat himoyasiga otlanishimiz farz".
AQSh Tabiatni asrash agentligi rasmiysi Jina Makarti: “Oilalarimiz salomatligi va farzandlar kelajagi uchun tabiat himoyasiga otlanishimiz farz".
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG