AQSh demokratlaridan taklif: 200 ming qochqinga joy beraylik

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Yaqin Sharq, Afrika, Afg'oniston va boshqa davlatlardan qochqinlar katta sonda oqib kelayotgani faqat Yevropaning emas, balki butun dunyoning muammosidir.

Qochqinlar masalasi shu oy oxirida BMT Bosh Assambleyasi majlisida ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Prezident Obamaga ko'ra, hech bir mamlakat bu muammoni yakka o'zi hal qila olmaydi. Xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarishi, NATO singari yirik tashkilotlar ham rol o'ynashi lozim.

"Lekin oxir-oqibat muammoning ildiziga boqishimiz kerak. Eski bir hikoya bor: daryodan o'nlab odamlar oqib kelayotgan bo'lsa, imkon boricha ularni qutqarasiz. Ammo nima bo'layotganini bilish uchun daryoning boshiga borib qarash kerak", - deydi AQSh rahbari.

Gumanitar inqirozning manbai deb Obama Suriyada boshqaruv ishdan chiqqanini hamda "Islomiy davlat" jangarilarini ko'rsatdi.

Afsuski, deydi prezident, qochqinlar oqimi hali beri tugamaydi, hatto o'nlab yil davom etishi mumkin, chunki o'z xalqini ezayotgan hukumatlar ko'p. Bundan tashqari, bugungi kunda axborot olish osonligi odamlarni tinch, o'ziga to'q o'lkalarga yetaklamoqda, deydi AQSh rahbari.

Obamaning aytishicha, xavf-xatarga qaramay, odamlar yangi hayot boshlash uchun suv va cho'lu-biyobonlarni kesib o'tishyapti.

Migratsiya oshishiga hissa qo'shayotgan boshqa omillar ham bor. Masalan, iqlim o'zgarishi.

"Yaqinda Alyaskada bo'lib qaytdim. U joylarda muzliklar erib, butun boshli qishloqlar suvga cho'kayapti. Toshqinlar va qurg'oqchilik qochqinlar ko'payishiga olib keladi", - deydi prezident.

Bu orada bir guruh demokratlar, Obamaning partiyadoshlari kelasi yili 200 ming qochqinga boshpana berish taklifi bilan chiqmoqda. Amaldagi rejaga ko'ra, Qo'shma Shtatlar 10 ming suriyalikn boshpana bilan ta'minlashni mo'ljallab turibdi.

Obamaga yo'llangan maktubni 73 qonunchi imzolagan. Erkinlik va tenglik tamoyillarini kuylaydigan mamlakat zarracha bo'lsa-da umid va imkonyat izlab o'z vatanini tark etgan odamlarga yordam qo'lini cho'zishi kerak, deyiladi xatda.

Prezident Obama kamida 10 ming odamni qabul qilishini eslatmoqda, xalqaro tashkilotlar nazarida esa AQSh bundanda ko'proq qochqinni joylashtirishga qurbi yetadi.

Ayrim boshqa qonunchilar bu tashabbuslarga qarshi chiqib, Amerikaga terrorchilar bilan aloqada bo'lgan shaxslar kirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Suriyada janglar boshlangandan beri AQSh 1600 suriyalikka boshpana bergan.

Qochqinlar arizasini ko'rib chiqish va tekshirish ikki yilgacha vaqt olishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG