Obama Xitoyni tanqid qilsa, Romni ayb prezidentning o'zida, deydi

  • Amerika Ovozi

Barak Obama Sinsinnatida saylovchilar oldida nutq so'zlamoqda, 17-sentabr, 2012-yil.

Barak Obama Sinsinnatida saylovchilar oldida nutq so'zlamoqda, 17-sentabr, 2012-yil.

Barak Obama ma’muriyati Jahon savdo tashkilotiga Xitoy ustidan arz qilmoqda. Da’vo shuki, Xitoy o’z avtosanoati eksportini tashkilot qoidalariga xilof holda subsidiya qilmoqda. Prezident Obama bu haqda Ogayo shtatida saylovchilar bilan uchrashuv chog’ida so’zlagan.

Ogayoda ish bilan band aholining sakkizdan bir qismi avtosanoatga aloqador. Prezident Obamaning Sinsinnati shahridagi tarafdorlariga aytishicha, Xitoy qoidaga qarab ish tutmayapti.

"Xitoy kompaniyalari avtomobil ehtiyot qismlarini hukumatning moliyaviy yordami bilan eksport qilib, bundan Ogayo, Michigan va Amerikaning boshqa joylarida ishlab chiqarish liniyalarida mehnat qilayotgan amerikaliklar zarar ko’rmoqda", - dedi Obama.

AQSh savdo vakili Jahon savdo tashkilotiga rasman shikoyatnoma yo’llab, rasmiy Pekinni yirik miqdordagi subsidiyalarda ayblagan.

Qo’shma Shtatlar, shuningdek, Xitoyni AQShdan import qilinayotgan avtomobillarga tarif qo’yganlikda ayblab, iyul oyida tashkilotda bir ish ochtirgan edi.

Sinsinnatiga safari chog’ida Obama respublikachi raqibi Mitt Romnining biznes tajribasini ham tanqidga oldi.

Romni asos solgan sarmoya kompaniyasi, deydi Obama, ko’p ishlarni va ish o’rinlarini Amerikadan xorijga ko’chirgan firmalar bilan hamkorlik qilgan.

"Romni Amerikada ish boshlab, so’ng Xitoyga ko’chgan kompaniyalarga pul tikkan. Bu ishda u birinchilardan bo’ldi. Ogayoliklar xorijga ish joylarini yuborishga imkon berishda davom etarkan, Xitoyga qarshi turib bo’lmaydi", - dedi Obama.

Mitt Romni Los-Anjelesda biznes doiralar bilan uchrashar ekan, qarshi hujumga o’tdi.

"Prezident saylovga ikki oydan oz vaqt qolganda xalqaro savdoga doir da’volar bilan chiqib, omma e’tiborini iqtisodiy muvaffaqiyatsizliklaridan chalg’itmoqchi. Ammo Amerika bizneslari va qiynalayotgan ishchilar haqiqiy ahvolni yaxshi biladi. Agar Xitoy savdo siyosatini fosh qiluvchi reklamamdan so’ng Obama harakatga kelishini bilganimda edi, bu reklamani ancha erta qo’ygan bo’lardim", - dedi Romni.

Romni Xitoy bilan savdo bobida Obamani yumshoq siyosatda ayblab keladi. Prezidentlikka saylansa, qattiqroq siyosat yuritishini aytadi.

Saylovga 47 kun qolar ekan, ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Obama kichik farq bilan oldinda.

Prezident, xususan Ogayo shtatida Romnidan yetti foizga o'zib ketgan. Tahlilchilarga ko’ra, shtat 6-noyabr saylovlarida muhim rol o’ynashi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG