Obama va Romni orasida prezidentlik uchun kurash qizg'in pallada

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Nyu-York shtatidagi Barnard Kollejida bitiruvchilar oldida gapirar ekan, ularni global fuqarolar bo'lishga undadi, 14-may, 2012

Prezident Barak Obama Nyu-York shtatidagi Barnard Kollejida bitiruvchilar oldida gapirar ekan, ularni global fuqarolar bo'lishga undadi, 14-may, 2012

Yaqinda prezident Barak Obama bu jamiyatni ikkiga bo’lib qo’ygan nozik bir masala bo’yicha o’z fikrini bildirdi. Ayni jins vakillari nikoh qurishga haqli, deya ta’kidladi u. Ushbu pozitsiya kuzda o’tadigan prezident saylovlari natijasiga ta’sir ko’rsatishi aniq. Ammo aksar ekspertlar fikricha, saylovni baribir iqtisodiyot hal qiladi.

Nyu-Yorkda estrada yulduzi Rikki Martin ishtirokida o’tgan kechada prezident Obama tarafdorlari uning dangal pozitsiyasini olqishladi.

"Huquq va mas’uliyatni butun jamiyat birgalikda ko’tarishi hech qachon xato emas. Bu oila fundamentini zaiflashtirmaydi, aksincha, mustahkamlaydi",- deydi prezident.

So’rovlar natijasiga ko’ra, gomoseksual kishilarning turmush qurishi masalasida yakdillik yo’q. AQSh prezidentligiga respublikachi nomzod Mit Romni yaqinda Liberty universiteti bitiruvchilari oldida so’zlab, quyidagini bayon qildi.

Mitt Romni rafiqasi Enn bilan

Mitt Romni rafiqasi Enn bilan

"Oila degani bir erkak va bir ayol, vassalom",- deydi Romni.

Tadqiqotchi Frank Nyuport fikricha, konservativ saylovchilar Romniga ovoz berishi turgan gap.

"Romnining tarafdorlari uni rahbarlikka saylash uchun bor kuchini ishga soladi, endi yangi energiya bilan harakat qiladi. Kampaniyani chetdan turib tomosha qilayotgan, hali bir fikrga kelmagan fuqarolar haqida esa bir narsa deyish qiyin",- deydi olim.

Demokratlar nazarida, o’ta nozik va qaltis masalani Obama bir yoqlama qilgani to’g’ri qaror. Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner deydiki, hozir muhimi bu emas.

"Prezident va demokratlar bu haqda qancha istasa gapiraversin. Haqiqat shuki, odamlarning fikru-xayoli iqtisodiyotda. Ish o’rinlari qani, janob prezident?"- deydi Beyner.

Obama yana bir muddatga saylanaman desa, mamlakat krizisdan chiqayotganini isbotlab berishi kerak.

Barak Obama rafiqasi Mishel bilan

Barak Obama rafiqasi Mishel bilan

"Maoshlar bir necha yildan beri oshgani yo’q. Ishsizlik yuqori. Kimdan so’ramang, qiynalayotganini aytadi. Ba’zida ijobiy raqamlarni ko’rayapmiz, lekin ahvol o’zgarmayapti",- deydi siyosiy tahlilchi Tomas Mann.

Obama Romniga qarshi TV reklamalarga zo'r bermoqda. Ularda Romni gapida turmaydigan, aniq siyosiy pozitsiyaga ega bo'lmagan shaxs sifatida tasvirlanadi.

Romni esa o'z reklamalarida biznes tajribasini ko'z-ko'z qilmoqda.

Saylovga olti oydan kamroq vaqt qoldi. Ayni damda hech bir nomzod katta ustunlikka ega deb bo’lmaydi.

"Barcha ommaviy so’rovlardan xulosa qiladigan bo’lsak, Romni va Obamaning imkoniyatlari bir xil. Saylov bugun o’tkazilsa, kimga ovoz berardingiz, deb so’rasangiz, har biriga 46 foizdan, durang natija kelib chiqadi,"- deydi tadqiqotchi Nyuport.

Poyga noyabrgacha xuddi shunday davom etadi, deya bashorat qiladi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG