Prezident Obama Rossiyani kiber-xurujlar uchun jazolamoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalaar e'lon qilib, Kremlni kiber-xurujlar uchun jazolamoqda. Oq uyning bildirishicha, oxirgi paytda Amerikaning Moskvadagi diplomatlariga nisbatan bosim ham oshgan va Vashington bunga chidab o'tirmaydi.

Obama nazarida Rossiya harakatlari xalqaro me'yorlarga mos emas. AQSh manfaatlari oyoqosti qilinishiga yo'l qo'yilmaydi, deydi prezident.

Sanksiyalar Rossiyaning to'qqiz odami va organlariga qaratilgan: ikki razvedka idorasi, ya'ni GRU va FSB; to'rt razvedkachi va GRUga yordam ko'rsatuvchi uch kompaniya. GRU - Rossiya davlat xavfsizlik boshqarmasi. FSB - Federal xavfsizlik xizmati.

Yevgeniy Bogachev va Aleksey Belan alohida jazolanayotgan shaxslar bo'lib, ularni AQSh Moliya vazirligi jinoyatchi deb hisoblaydi. Bu kiber-o'g'rilar, deya bildiradi vazirlik, Amerika banklari va firmalaridan 100 million dollardan oshiq mablag' o'margan.

Rossiyaning 35 rasmiysi haydalmoqda

Rossiyaning Vashington va San-Fransiskodagi 35 rasmiysi 72 soat ichida AQShni tark etishi kerak. Bu borada ular 29-dekabr kuni ogohlantirilgan. Bu diplomatlar va zobitlar, Oq uyga ko'ra, xalqaro normalarni buzgan.

Rossiyaga tegishli ikki obyekt, xususan Merilend va Nyu-York shtatlaridagi inshootlar yopiladi. AQShning Rossiyadagi diplomatlariga zug'um o'tkazilganiga javob bu, deydi Vashington rasmiylari.

Obama ma'muriyati Amerikaning ittifoqchilaridan Kremlning "qora ishlariga" chidab o'tirmaslikni so'rab, tegishli javob berishga undamoqda.

Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi oldida
Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi oldida

Oq uyning ogohlantirishicha, bu hali hammasi emas. Rossiyaga nisbatan yana boshqa yangi cheklovlar bor. Ular, xavfsizlikni hisobga olgan holda, matbuotda e'lon qilinmaydi.

Obama ma'muriyati Rossiya hukumati Amerikada 8-noyabrda o'tgan saylov oldidan bu mamlakat siyosiy tizimlariga kiber-xurujlar qilib, jarayonga zarar yetkazishga uringanlikda ayblamoqda. AQSh razvedka agentliklarining ma'lum qilishicha, bu hujumlar ortida Kremlning o'zi turibdi.

Prezident Obamaning aytishicha, uning o'zi Prezident Vladimir Putinga bu borada ochiq aytgan va xurujlarni to'xtatishni talab qilgan. Shu bois ham sanksiyalardan Rossiya hayron qolmasligi kerak, deydi Amerika rasmiylari. Putin kiber-hujumlar haqida bilmagan bo'lishi mumkin emas, deydi ular.

Kreml Oq uy qaroridan afsusda va cheklovlar, diplomatlarning haydalishi aloqalarni yanada sovuqlashtiradi, deya ogohlantirmoqda. Javob tariqasida Amerika diplomatlari ham haydalishi kutilayotgan edi lekin 30-dekabr kuni Putin bu yo'ldan bormasligini e'lon qildi.

Prezidentlikka shaylanayotgan respublikachi Donald Tramp aloqalarni qayta ko'rib chiqish kerak, degan fikrda.

"Buyuk davlatimiz va xalqimiz manfaatlarini nazarda tutib, kelasi hafta razvedka agentliklarining rahbarlari bilan uchrashaman va faktlar bilan tanishaman", - deydi Tramp.

Kongress, xususan respublikachi qonunchilar Oq uyning qarorlaridan mamnun va Prezident Obamani quvvatlamoqda. Tramp sanksiyalarni bekor qilishga harakat qilsa, kuchli qarshilik bilan yuzlashishi aniq.

Obama buni yaxshi biladi va prezidentligining oxirgi oyida bunday farmonlar bilan bekorga chiqayotgani yo'q, deydi siyosatdonlar, chunki Prezident Tramp ularni osonlikcha chippakka chiqara olmaydi. Qonunchilar unga qarshi tish-tirnog'i bilan kurashadi. Kongress nazarida Rossiya ashaddiy dushmandir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG