Obama: Rossiyaliklarga ishonib bo'lmaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama (o'ngda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Nyu-York, AQSh, 28-sentabr, 2015-yil.

AQSh Prezidenti Barak Obama (o'ngda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Nyu-York, AQSh, 28-sentabr, 2015-yil.

AQSh Prezidenti Barak Obama Suriyadagi fuqarolar urushini tugatishda Rossiyaga ishonchli hamkor sifatida suyanish mumkinligiga shubha qilishini bildirdi.

"Rossiyaliklarga va Vladimir Putinga ishona olishimizga shubham bor. Shuning uchun zo'ravonliklarni to'xtata olamizmi yo'qmi, buni tekshirib ko'rishimiz kerak", - dedi u Pentagonda Milliy xavfsizlik kengashi bilan bo'lib o'tgan uchrashuv ortidan.

Prezidentga ko'ra, Rossiya zo'ravonlikni tugatishga yordam bera olmasligi mumkin. Chunki ular yo buni xohlamayapti yoki Assad ustidan yetarli ta'sirga ega emas, dedi u.

"Shu narsani tekshirib ko'rmoqchimiz', - dedi Obama.

So'nggi haftalarda Suriya hukumati Rossiya yordami bilan Halab shahrini isyonchilardan tortib olishga urinmoqda. Ikki oydan beri shahar atrofida keskin janglar davom etmoqda. O'tgan 80 kun ichida kamida 6000 odam o'ldirilgan yoki yaralangan.

Prezident Obama boshidan Rossiyaning qotil rejimni va Assaddek hokimiyat uchun vatanini vayron qilgan shaxsni qo'llab-quvvatlashi ma'lum bo'lganini aytadi.

Unga ko'ra, zo'ravonliklarni tugatish har qanday havo hujumlari va fuqarolarni o'ldirish uchun ishlatiladigan boshqa urush usullarining to'xtatilishini o'z ichiga olishi kerak.

Ikki yildan beri AQSh Syriyada Assad rejimiga va "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan muxolif guruhlarni qo'llab-quvvatlab keladi. Shu yilning yanvarida Amerika harbiy samolyotlari Afg'onistonda ham "Islomiy davlat" manzillariga zarba berdi. Shuningdek, Liviyada shu hafta IShIDga qarshi kurashayotgan mahalliy kuchlarga yordam berishni boshladi.

AQShga tahdid bormi?

Prezident Pentagonda xavfsizlik bo'yicha rasmiylar bilan "Islomiy davlat"ga qarshi kurash haqida bir necha soat muloqot qilgan. Uning keyinroq jurnalistlarga aytishicha, jangari guruh Iroq va Suriyada zaiflashgan, ammo kurash taktikasini o'zgartirib, izdoshlarini mustaqil hujumlarni amalga oshirishga undayotgani AQSh uchun hanuz tahdid solmoqda.

Tahdid ko'lami u qadar katta bo'lmasa ham, IShID qo'rquv uyg'otish orqali o'z mavqeini mustahkamlashga usta, dedi Obama.

Liviya havo operatsiyasi

Pentagon rasmiysining aytishicha, Liviyadagi "Oddiseya chaqmog'i" deb nomlangan havo amaliyoti bir necha hafta davom etadi.

Mamlakatning BMT qo'llab-quvvatlovidagi qo'shma hukumati bir necha oydan beri "Islomiy davlat"ga kurashib keladi.

Pentagon so'zlovchisi Jef Deyvisning aytishicha, "Islomiy davlat" jangarilari hozir Liviyaning, asosan, Sirte shahri atrofida qolgan. Ular soni bir necha mingdan bir necha yuz kishiga tushgani aytilmoqda.

2011-yil Muammar Qaddofiy hokimiyatdan ag'darilgandan beri mamlakatda ekstremist guruhlar faoliyati kuchaygan. Ayniqsa, "Islomiy davlat" jangarilari bu yerda muqim o'rnashishga harakat qilib kelayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG