Barak Obama Saudiya Arabistoniga boradi

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama (o'ngda) Saudiya Arabistoni qiroli Abdulloh bilan, 2010-yil, 29-iyun, Vashington.

AQSh prezidenti Barak Obama (o'ngda) Saudiya Arabistoni qiroli Abdulloh bilan, 2010-yil, 29-iyun, Vashington.

AQSh prezidenti Barak Obama kelasi oy Saudiya Arabistoniga safar qiladi. Qirol Abdulloh bilan uchrashuvda hududiy xavfsizlik masalalari, Suriyadagi fuqarolar urushi hamda Eron bilan muzokaralar haqida fikr almashilishi kutilmoqda.
AQSh davlat rahbari Yevropaga qiladigan safaridan so’ng Saudiya Arabistoniga ham borishni rejalamoqda. Kelasi oy Obama Niderlandiyada global yadro sammitida qatnashib, so’ng Bryusselda NATO vakillari, Italiyada esa mamlakat rasmiylari va Rim papasi bilan uchrashishni belgilagan.
Azaldan yaqin hamkor bo’lib kelgan AQSh va Saudiya Arabistoni munosabatlariga so’nggi oylarda biroz sovuqlik tushdi. O’tgan yili Obama Suriya rejimiga qarshi harbiy chora qo’llamagani va isyonchilarni qurollantirmagani uchun Saudiya hukumati jiddiy norozilik bildirgan edi.

Suriya muxolifatini qurollantirishda Riyod faol ishtirok etmoqda. Ayni paytda u asosiy raqibi Eronning Assad hukumatini qo’llab-quvvatlayotganidan tashvishda.

Saudiya rasmiylari Tehron bilan yadro dasturi yuzasidan olib borilayotgan xalqaro muzokaralarni sinchkovlik bilan kuzatmoqda. Ular, shuningdek, Misrdagi qonli zo’ravonliklardan ham xavotirda.

Oq uy so’zlovchisi Jey Karni Obamaning Riyodga tashrifi yuzasidan jurnalistlar savollariga javob berdi.

“Saudiya Arabistoni AQShning yaqin hamkori. Ikki tomonlama aloqalarimiz chuqur va keng ko’lamli bo’lib, turli sohalarni o’z ichiga oladi. Prezident tashrifi davomida shu sohalarning barchasi qamrab olinadi. O’rtada qanday farqlar bo’lmasin, ular yaqin hamkorlik asoslariga rahna sola olmaydi”, - dedi Oq uy matbuot kotibi.

O’tgan yili bir gazetaga bergan intervyusida Saudiya Arabistonining AQShdagi sobiq elchisi hamda sobiq razvedka xizmati boshlig’i Turki al-Faysal Vashingtonning Yaqin Sharq siyosatini tanqid ostiga olgan edi.

Ayniqsa, Suriyada oddiy fuqarolarga qarshi kimyoviy qurol qo’llanilgani aniq bo’lgach, AQShning harbiy choraga qo’l ura olmagani Riyodni norozi qilgan.

Noyabr oyida AQSh rahbari va Saudiya Arabistoni qiroli o’rtasida telefon orqali muloqot bo’lib o’tdi. Unda Vashington Riyodnng yaqin do’sti ekanini yana bir bor ta’kidladi, deydi Jey Karni.

Davlat kotibi Jon Kerri o’tgan yili va shuningdek, joriy yilning yanvar oyida Sauriya Arabistoniga tashrif buyurdi. Uchrashuvlarda Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish masalasi muhokama etildi.

Prezident Obamaning tashrifi ham shu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo’ladi. Obama, shuningdek, 14-fevral kuni Kaliforniyada Iordaniya qiroli Abdullohni qabul qiladi. O’zaro muloqotda Suriya va Isroil-Falastin masalasi asosiy mavzu bo’lishi kutilyapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG