Breaking News

Prezident Obama Riyodda Qirol Salmon bilan uchrashdi


Prezident Obama va Qirol Salmon
Prezident Obama va Qirol Salmon

Saudiya Arabistoniga safar qilgan AQSh Prezidenti Barak Obama Riyodda Qirol Salmon bilan uchrashdi. Yopiq eshiklar ortida o'tgan muloqot ikki soat davom etgan.

Muxbirlarga tasvirga tushirish uchun ajratilgan bir necha daqiqa davomida qirol AQSh rahbarining tashrifidan mamnun ekanini aytdi.

Obamaning qirolikka to'rtinchi safari ikki davlat munosabatlaridagi ziddiyatli davrga to'g'ri kelmoqda.

Amerika prezidenti Saudiya Arabistoni va mintaqadagi boshqa arab davlatlarini "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi qattiqroq kurashishga chaqirib keladi.

Payshanba kuni Riyodda Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi sammiti o'tkaziladi. Obama majlisga taklif etilgan. Kengashga Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Ummon a'zo.

AQSh va Yevropa "Islomiy davlat" va al-Qoidani mintaqa va dunyo xavfsizligiga jiddiy tahdid deb bilsa, arab mamlakatlari Eron, Suriya Prezidenti Bashar Assad va Yamanda hukumatga qarshi jang qilayotgan shia hutiylarni kattaroq xavf sifatida ko'radi.

Saudiya yetakchiligidagi arab harbiy koalitsiyasi hutiylarni yerdan va havodan nishonga olib keladi.

AQSh rasmiylariga ko'ra, mazhabiy mojarolar "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan koalitsiya e'tibori va resurslarini asosiy muammodan chalg'itmoqda.

"Shu sabab Oq uy bu mojarolarni tinchlantirishga urinmoqda", - deydi AQSh prezidentining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo'yicha maslahatchisi Rob Malli.

AQSh va Saudiya Arabistoni ziddiyatlariga sabab bo'lgan yana bir masala amerikalik ayrim qonunchilarning 2001-yil 11-sentabr xurujlarida qirollikni ayblayotgani. Ular Oq uydan xurujlarga doir tergov bo'yicha hisobotning maxfiy deb belgilangan 28 sahifasini oshkor etishni talab qilmoqda.

Qonunchilarning gumon qilishicha, ushbu sahifalarda Saudiya Arabistoni aybiga doir ma'lumotlar bor va Oq uy eng yaqin ittifoqchilaridan birining aybini yashirishga harakat qilmoqda.

Ayni damda respublikachi va demokrat qonunchilardan iborat komissiya yangi qonun loyihasi ustida ishlamoqda. Hujjat 11-sentabr xurujlari qurbonlarining oila a'zolariga AQSh sudlarida Saudiya Arabistoniga qarshi da'vo ochishga ruxsat berishni ko'zda tutadi.

Sudlar da'vogarlar talabini qondirgudek bo'lsa, qirollikning AQShdagi moliyasini muzlatishni buyurishi mumkin. Riyod buning oldini olish maqsadida tasarrufidagi 750 milliard dollar qiymatga ega Amerika aktivlarini sotishga majbur bo'lishini aytdi.

Obama ma'muriyati qonun loyihasiga veto qo'yishini bildirdi.

AQSh rahbari Fors ko'rfazida bo'ldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:02 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG