Siyosiy mojarolar prezident Obamaga tinchlik bermayapti

  • Amerika Ovozi

Obama ma’muriyati shu kunlarda o’ziga xos siyosiy krizisni boshdan kechirmoqda. Vazirlar va Oq uy rasmiylari Kongressga chaqirtirilib, so’roqqa tutilyapti.

Hukumat o’z vakolatini suiiste’mol qilganlikda, fuqarolar va jurnalistlar huquqini toptaganlikda ayblanyapti. Tarixan prezidentlar aynan ikkinchi muddatida shunday muammolar bilan yuzlashgan.

Matbuot anjumanida prezident Obama soliq idorasining muvaqqat rahbari ishdan ketishini e’lon qildi. Sabab – konservativ guruhlar bu idora tomonidan nishonga olingan.

“Bu kechirib bo’lmas holat. Amerikaliklar, jumladan men ham g’azabdaman. Hukumatda bunday noqonuniy faoliyatga mutlaqo o’rin yo’q”, - deydi Obama.

Respublikachilar nima bo’lganini ipidan ignasigacha bilmoqchi.

Senatda ularning sardori Mitch Makkonnel fikricha, bu mashmasha haqida hali ko’p narsa suv yuziga chiqadi. Xalq hammasini bilishga haqli. Biz tekshiramiz va albatta tagiga yetamiz, deya ta’kidladi u.

Soliq idorasi atrofidagi janjaldan tashqari yana ikki siyosiy mojaro Oq uy uchun katta zarba. O’tgan yili AQShning Liviyadagi konsulligida ro’y bergan terror xuruji va unda to’rt amerikalik, jumladan elchi halok bo’lgani yuzasidan savollar bir dunyo.

Adliya vazirligi esa jurnalistlarning telefon suhbatlarini nega maxfiy ravishda qo’lga kiritganini ommaga va Kongressga tushuntirib, asoslab berishi kerak.

Ammo jamoatchilik orasida keskin munozara uyg’otgan voqea bu - soliq xizmati fuqarolarni siyosiy qarashlari uchun nishonga olganidir, deydi siyosatshunos Jon Fortiyer.

“Bunchalik g’azab uyg’otganining o’ziga xos sabablaridan biri shuki, soliq idorasini hech bir jamiyatda yoqtirishmaydi, jumladan AQShda. Shuning uchun aksar amerikaliklar “o’tgan ishga salavot” deb, bunday huquqbuzarlikni kechirishi qiyin”.

Janjallar prezident boshiga g’alva, lekin osmon uzilib yerga tushgani yo’q, deydi Fortiyer.

“Obama oldidagi eng qiyin vazifa ikki keskin pozitsiyadagi partiyani murosaga keltirish edi. Bu ish yanada murakkablashdi. Ammo siyosatchilar oxir-oqibat baribir kelishib ishlashga majbur bo’ladi”, - deydi tahlilchi.

Barak Obama ikkinchi muddatida siyosiy mojarolarni boshdan kechirgan prezidentlar qatoriga qo’shiladi, deydi Oq uy sobiq xodimi Ken Dubershteyn.

“Davlat rahbari odatda boshqaruvning beshinchi-oltinchi yilida shunday muammolar bilan yuzlashadi. Qonunchilar bilan, shuningdek, xalq bilan orada ishonch bo’lmasa, suvdan quruq chiqishi qiyin”.

1972-yilda sodir etilgan siyosiy o’g’rilik Richard Niksonni prezidentlikdan ayirgan. Ikkinchi muddatida Ronald Reygan Eronga maxfiy tarzda qurol sotib, baloga qolgan. Bill Klinton esa ishqiy mojaro sabab impichmentga uchragan, lekin lavozimini saqlab qolgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG