AQSh: Harbiy sohada ayamasdan pul ishlatish davri o’tdi

  • Amerika Ovozi

Prezidentligining beshinchi yiliga kirishgan Barak Obamani tashqi siyosatda muhim vazifalar kutmoqda. Yangi yil uning ma’muriyatida vazirlar o’zgarishidan boshlandi.

Tashqi ishlar va mudofaa vazirliklari, shuningdek, Markaziy Razvedka Agentligida yangi odamlar tayinlandi.

Mudofaa vaziri lavozimiga sobiq senator Chak Xeygl nomzodini ko’rsatar ekan, Obama dunyo o’zgarib borayotganini qayd etdi.

“Afg’onistondagi urushni tugatib, harbiylarimiz salomatligi haqida o’ylaylik. Ertangi kun tahdidlariga, ular qay ko’rinishda bo’lmasin, tayyor turishimiz kerak. Jumladan, kiber-hujumlarga”, - deydi prezident.

Chak Xeygl Senatda Afg’oniston haqidagi savollarga javob berdi. Uning aytishicha, u yerdan qo’shinlarni olib chiqish bilan ish bitmaydi.

“Harbiy missiya yakunlanayotgani AQSh yuzlashayotgan tahdidlar kamayib qoldi degani emas. Mali va Jazoirda ro’y bergan terror hujumlari shuning aksini isbotladi”, - deydi u.

Yaqinda iste’foga chiqqan respublikachi senator Richard Lugar deydiki, mudofaa sohasida ayamasdan pul ishlatish davri endi o’tdi. Pentagonda ishlohotlar kutilmoqda.

“Jamiki dasturlar cheklangan byudjetdan kelib chiqqan holda qayta ko’rib chiqilyapti. Lekin AQSh hamon global mas’uliyatlarini bajarishi darkor. Dunyo bo’ylab harbiy bazalarimiz bor”, - deydi Lugar.

Dushman bilan yuzma-yuz, an’anaviy urushlar o’rnini uchuvchisiz samolyotlar, razvedka idoralari boshqaradigan dasturlar egallaydi.

“Yangi texnologiyalar jang maydoniga minglab harbiyni safarbar etishdan ko’ra arzonroq, albatta. Biroq endi razvedkaga yetarli resurs ajratish kerak”, - deydi sobiq senator.

Adliya vazirligining ichki hujjatlaridan ma’lum bo’lishicha, agar AQSh fuqarolari xorijda al-Qoida terror tizimiga yetakchilik qilayotgan bo’lsa, ularni o’ldirish qonuniy hisoblanadi.

Markaziy Razvedka Agentligi rahbarligiga nomzod Jon Brennan nazarida ham ayrim terroristlarni nishonga olish har tomonlama to’g’ri.

Obama ma’muriyatining yangi a’zolaridan Jon Kerri yaqinda davlat kotibi lavozimiga tayinlandi.

Eron va Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturlarini to’xtatish AQSh oldidagi ustuvor masalalardan. Senatda qilgan nutqida Kerri Eron rahbariyatiga muzokara eshiklari hamon ochiq ekanini eslatdi.

“Bizning strategiya yadro qurollarini cheklashga emas, bartaraf etishga qaratilgan. Eron vaqtni boy berayapti”, - deydi Kerri.

U xizmatini boshlagan kuniyoq Isroil va Falastin rahbarlari bilan telefonlashib, tinchlik muzokalarini jonlantirishga so’z bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG