AQShda terror xavfi yo'q. Obama xalqni ogohlikka chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Milliy aksilterror markazida so'zlamoqda, Makleyn, Virjiniya shtati, 17-dekabr, 2015-yil

Prezident Barak Obama Milliy aksilterror markazida so'zlamoqda, Makleyn, Virjiniya shtati, 17-dekabr, 2015-yil

Amerikaliklar Rojdestvo va Yangi yil bayramlarini nishonlash arafasida ekan, kecha Prezident Barak Obama vatandoshlarini qo'rqmasdan bayram qilishga chaqirdi. Xavfsizlik va razvedka idoralarining xulosa qilishicha, AQShda terror xavfi yo'q, dedi u.

Prezident Obamaning aytishicha, ayni damda AQShda terror xurujining xavfi yo’q, biroq amerikaliklar hushyor bo’lishi zarur. Obamaga ko’ra, aholi xavfsizligi hukumat uchun ustuvor vazifa.

Noyabr oyida Parijda, dekabr boshida esa Kaliforniyaning San-­Bernardino shahridagi terror xurujlaridan so’ng Amerikada xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har ikki holatda xurujlar ortida “Islomiy davlat” jangari guruhining turgani ma’lum.

Payshanba kuni AQSh rahbari Milliy aksilterror markazida xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi mutasaddilar bilan atroflicha majlisdan so’ng bayonot berib, Yangi yil bayrami arafasida Amerikada xuruj ehtimoli yo'q deb xulosa qildi. Majlisda San-Bernardinodagi ommaviy otishma bo'yicha ketayotgan tergov natijalari xususida prezidentga hisobot berildi.

Obama AQSh yetakchiligidagi koalitsiya “Islomiy davlat”ni yengishga qodir ekaniga yana bir bor ishonch bildirib, jangarilar tashabbusni qo’ldan boy berayotganini, nazoratidagi hududlardan siqib chiqarilayotganini, rahbarlari nishonga olinayotganini ta’kidladi.

Qo’shma Shtatlar internet, ijtimoiy sahifalar orqali “Islomiy davlat” mafkurasi va da’vatlariga uchgan amerikaliklarning zo’ravonliklarga qo'l urishidan xavotirda. Obama xalqni ogoh bo’lishga chaqirdi.

"Terrorchilarga qarshi eng kuchli qurol bu xalq sifatida qudratimiz va bukilmas irodamizdir. Lekin hushyorlikni yo'qotmaslik kerak. Shubhali narsaga ko'zingiz tushsa, posbonlarga darrov xabar bering", - dedi Obama.

Milliy aksilterror markazi Virjiniya shtatida joylashgan bo'lib, turli razvedka idoralarining vakillari hamkorlikda terror xavfini tahlil qiladi, xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi davlat idoralari bilan ma'lumot almashadi.

Davlat rahbarining aytishicha, xavfsizlik idoralarining ishi ommaga ko'rinmasa-da, ularning sa'y-harakatlari tufayli ko'plab terrorchilar ushlandi, terror xurujlarining oldi olindi, begunoh insonlar hayoti saqlab qolindi.

"Mamlakat bo'ylab 100 dan ziyod aksilterror bo'linmalar ishlamoqda. Federal, shtat va mahalliy darajada ekspertlar hamkorlikda terror tahdidlarini aniqlashga yordam beryapti", - dedi Obama.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG