Xalqqa hisobot berib turish - prezident uchun oliy burch

  • Amerika Ovozi

12-fevral kuni kechqurun prezident Barak Obama siyosiy-iqtisodiy ahvol haqida xalqqa hisobot beradi. Uning Kongress oldidagi nutqini nafaqat Amerikada, balki butun dunyo bo’ylab tomosha qilishadi.

Obama 2009-yili, moliyaviy krizisning avj bir pallasida qilgan chiqishida xalq ruhini ko’tarishga harakat qilgan edi.

“Murakkab va mavhum bir davrni boshdan kechirayapmiz. Lekin har bir amerikalikni ishontirib aytamanki, biz bu qiyinchlikni yengamiz, mamlakatni qayta quramiz. AQSh bu tanazzuldan yanada kuchliroq bo’lib chiqadi”.

Prezident avvalgi ma’ruzalarida bu jamiyatni qiynayotgan nozik mavzularni, xususan, qurol bilan sodir etilgan qatliomlarni tilga olgan. Ikkinchi muddatga saylangach Obama harbiy turdagi qurollar savdosini taqiqlash taklifi bilan chiqdi. Kongressdan immigratsiyani tartibga solishni so’rayapti.

Siyosiy tahlilchi Jeyms Karafano deydiki, prezidentning bu galgi nutqida ham immigratsiya, qurol nazorati va byudjetdagi kamomad kabi dolzarb masalalar markaziy o’rinni egallaydi.

Byudjetdagi 16 trillion dollardan oshgan defitsitnni qanday kamaytirish, qaysi dasturlarni kesish bo’yicha kelisha olmayotgan Kongress qarorni orqaga surgan. Obamaning pozitsiyasi shuki, defitsitni kamaytiramiz deb muhim sohalarga sarmoya qilishni unutmaslik kerak.

So’nggi payt AQSh iqtisodiyotida, xususan ko’chmas mulk bozorida, ijobiy o’zgarishlar ko’zga tashlanyapti. Lekin, deydi Jorj Vashington universiteti olimi Jon Sayds, krizisdan chiqib oldik deyishga erta.

“Jonlanish bor, Obamaning reytingi ham o’sayapti. Ammo yaqin yillarda ishsizlik muammosi hal bo’ladi deb o’ylamang”, - deydi olim.

O’tgan yili xalqqa murojaatida Obama Iroqda urush nihoyasiga yetgani va Osama bin Laden yo’q qilinganini e’tirof etgan edi. Kelasi ikki yilda Afg’onistondagi missiya ham yakunlanib, askarlar uyga qaytishi rejada.

Siyosatshunos Entoni Kordesman deydiki, arab dunyosidagi g’ala-g’ovur prezident nutqidan joy olishi aniq.

“Yaqin Sharq barqarorligi Amerikadan aktiv diplomatiya hamda harbiy-iqtisodiy ko’mak talab qiladi. Shuningdek, yangi hukumatlarni demokratik bo’lishga niqtab turish kerak”, - deydi Kordesman.

Obama Kongress huzurida respublikachi va demokratlarni bir yoqadan bosh chiqarishga undaydi.

“Ikkala partiya kelishib ishlay olsagina xalqning hukumatga bo’lgan ishonchi biroz tiklanishi mumkin”, - deya qayd etadi Jon Sayds.

Obamaning har bir tashabbusiga qarshi chiqish o’zimizga ziyon deb chiqayotgan respublikachilar ko’p. Murosa mana shu arboblar qo’lida, deydi Sayds.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG