Obama Quddusda yahudiy talabalar oldida so'zladi

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Quddusda nutq so'zlamoqda, Isroil, 21-mart, 2013-yil

Prezident Obama Quddusda nutq so'zlamoqda, Isroil, 21-mart, 2013-yil

Prezident Barak Obama bugun Isroilning Quddus shahrida yahudiy talabalar oldida ma’ruza qilib, falastinliklar o’z davlatiga ega bo’lishga haqqi borligini e’tirof etdi.

Obama yahudiylarning o’z davlatiga erishish yo’lidagi bir necha asrlik qiyinchiliklari haqida gapirib, falastinliklar ham mustaqil yurtda yashashga loyiq, dedi. Binobarin, aynan shu omil Isroil xavfsizligi uchun muhim hisoblanadi.

“Siz tinchlikni qaror toptirgan avlod bo’lishingiz mumkin, agar kelajakda qator muammolar bilan yuzlashishni istamasangiz. Xalqaro hamjamiyat Isroilning mintaqadagi siyosatidan norozi ekan, uni o’zgartirish vaqti keldi. Buning uchun tinchlikka erishish lozim”, - dedi Obama.

Tinchlikka yo’l esa, deydi AQSh rahbari, muzokaralar orqali o’tishi kerak. Obama Falastinning mustaqillik masalasini Isroil bilan muzokarasiz, BMT orqali hal qilish harakatiga qarshi ekanini aytdi.

Biroq shu bilan birga, deydi Obama, falastinliklarning o’z yeriga ega bo’lish, adolatga bo’lgan huquqini tan olmoq zarur.

“Falastinlik bola ajnabiy askarlar tomonidan bosib olingan yurtida ulg’ayishi yaxshi emas. Bu qo’shinlar ota-onasining kundalik harakatini nazorat qilsa, o’z yerida dehqonchilik qilishga imkon bermasa, bosib olingan hududlarda yashovchi yahudiylar mahalliy falastinliklarga qarshi zo’ravonlik qilsayu, jazolanmasa, talabalar G’arbiy Sohil bo’ylab bemalol harakatlana olmasa, falastinlik oilalar uylaridan ko’chirilsa, bu to’g’ri emas. Falastinliklar ham o’z yerida erkin yashashga haqli”, - dedi Obama.

AQSh rahbari G’azo Sektorini nazorat qilayotgan XAMAS hukumatini tanqid qildi, ammo G’arbiy Sohilni boshqarayotgan FATX siyosatini olqishlab, prezident Mahmud Abbos va bosh vazir Salom Fayyod bilan gaplashsa bo’ladi, dedi.

Muzokaralarni jonlantirish uchun Obama falastinliklarni Isroil xavfsizligini kafolatlashga, Isroilni esa istilo qilingan yerlarda qurilishlarni bas qilishga chaqirdi.

AQSh prezidenti Suriya mojarosiga ham to’xtaldi. Uning aytishicha, prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi kerak, shundagina ixtilof tugaydi. Mamlakatda o’z xalqini himoya qiluvchi, ularning dardiga quloq tutuvchi hukumat bo’lsagina, barqarorlik qaror topadi, deydi u.

Obama Isroil o’ziga tahdid deb bilayotgan Eron yadro dasturiga ham munosabatini bildirib o’tdi. Uning aytishicha, Eronni yadro qurolini yaratish yo’lidan qaytarishning eng yaxshi yo’li diplomatiyadir va Tehron bu imkoniyatdan foydalanishi lozim.

“Ammo masalani diplomatik yo’l bilan hal qilish uchun ajratilgan vaqt cheksiz emas. Eronni bu yo’ldan qaytarish uchun Amerika barcha chorani ishga solishga tayyor”, - dedi Obama.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG