Breaking News

Obama BMT Bosh Assambleyasida so'nggi bor chiqish qildi


BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasida so'zlayotgan Prezident Barak Obama.
BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasida so'zlayotgan Prezident Barak Obama.

Prezidentligining ikkinchi muddati tugab borayotgan Barak Obama BMT Bosh Assambleyasida oxirgi bor nutq so'zladi. Fursatdan foydalanib, u dunyo ahlini birdamlikka chorladi.

Jahonda bugun ro'y berayotgan voqealar jamiyatlarni bo'lib tashlamoqda. Bu yo'nalishni hozirdan to'g'rilab, tarqoqlik, nizolarga chek qo'yaylik, deya undadi prezident.

Uning aytishicha, dunyo aslida bugun har qachongidan xavfsiz va farovon. Biroq shu bilan birga, mamlakatlar favqulodda qochqinlar tanazzuli bilan yuzlashayapti, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarda terrorizm va nizolar avj olmoqda. Jamiyatlar uzviy qadriyatlarga ishonchi yo'qolib borar ekan, davlatlarni boshqarish qiyin bo'lib bormoqda. Natijada ziddiyatlar tezroq yoyilayapti.

Suriya va boshqa davlatlardagi urushlarni diplomatiya bilan hal qilish mumkin ekaniga ishonchim komil, qurol bilan emas.

Shunga qaramasdan, olg'a qadam tashlaylik, ortga emas, deya eslatdi Oq uy rahbari. Suriya va boshqa davlatlardagi urushlarni diplomatiya bilan hal qilish mumkin ekaniga ishonchim komil, qurol bilan emas, dedi u.

Prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Trampga ishora qilgan Obama "Jahon shundoq ham tor, mittigina. Uni devorlar qurib, ekstremizmdan pana qilib bo'lmaydi" dedi.

Rossiya haqida ham to'xtalgan AQSh rahbari nazarida imperiya davri o'tmishda qolgan bo'lsa-da, Rossiya kuchini ishga solib o'sha kunlarni tiklashga harakat qilmoqda.

Har qanday ziddiyat va mojarolarni davlatlar birgalashib hal qilgani ma'qul, yakka-yakka bo'lib emas.

Obama va Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukraina va Suriyadagi nizolar borasida fikri bir joydan chiqmay keladi. Bugun Rossiya Suriyadagi urushga chuqurroq kirib borib, Prezident Bashar al-Assadning maqomini mustahkamladi. Vashington esa Assad hukumatdan ketishi kerak, deb keladi. Bu orada, kuni-kecha Moskva va Vashington vositachiligida Suriyada erishilgan so'nggi sulh buzildi. Amerika boshliq koalitsiya hujumida suriyalik askarlar halok bo'lgani, mamlakatda xalqaro gumanitar karvon o'qq tutilgani bunga sabab bo'ldi.

Obama xalqaro sahnadan turib qilgan oxirgi chiqishida uning sakkiz yillik prezidentligi davrida erishilgan yutuqlarni eslatib o'tishga urindi. Uning asosiy shiori shuki, har qanday ziddiyat va mojarolarni davlatlar birgalashib hal qilgani ma'qul, yakka-yakka bo'lib emas.

Erkinlik, liberal demokratiya uchun kurashishga arziydi, garchi bu katta kuch, og'ir va mashaqqatli mehnat talab qilsa-da.

Demokratlardan prezidentlikka nomzod Xillari Klinton o'z saylovoldi dasturida ana shuni shior qilib tanlagan. U shu tariqa o'zini Obama davrining davomchisi sifatida gavdalantirishga harakat qilayapti.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham anjumanni ochib berar ekan, nizolarga harbiy yechim qidirmang, topolmaysiz, degan edi.

Barak Obamaning ta'kidlashicha, Qo'shma Shtatlar qudratli davlat, yaxshilikni bayroq qilgan, yaxshilikni himoya qilgan qudratli yurt. U erkinlik, liberal demokratiya uchun kurashishga arziydi, deya eslatdi, garchi bu katta kuch, og'ir va mashaqqatli mehnat talab qilsa-da.

Kuchli, repressiv boshqaruv oxir-oqibat beqarorlik va urushlarga yetaklaydi, deya uqtirdi Obama. Amerikada mavjud qadriyatlar va erkinlik bois ham fuqarolar o'z haqlari uchun kurasha oladi, o'z manfaatlarini himoya qila oladi, dedi prezident.

Har bir davlat bunga erishishi mumkin, dedi Obama Ukrainani misol qilar ekan. "Jamiyatlardagi illatlarni aynan demokratiya, har bir fuqaro o'z fikri va so'zini erkin ayta olishi, boshqaruvda ishtirok eta olishi orqali davolash mumkin", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG