Maxfiy dasturlar oddiy odamlarga qaratilmagan, deydi Obama

  • Amerika Ovozi



Prezident Barak Obama fikricha AQSh o’z maxfiy kuzatuv dasturlarini isloh qilishi kerak, ya’ni razvedka sohasini yangilash lozim.

Yozgi ta’tilga ketishidan oldin u Oq Uyda matbuot anjumani o’tkazib, bu nozik masalaga oydinlik kiritishga urindi. Xalq norozi ekanini bilamiz, deydi Obama.

“Amerikaliklar va dunyo ahli bilsinki, biz oddiy fuqarolarni zimdan kuzatayotganimiz yo’q. Terroristlar nishonda”.

Prezident deydiki, razvedka tizimi erkinlik va huquqqa tahdid solmasligi lozim. Qator programmalar qayta ko’rib chiqilmoqa, oshkoralikni ta’minlash oliy burch.

“To’g’ri, biz ko’p narsaga qodirmiz... Razvedka degani fuqarolarning haq-huquqlarini poymol etish degani emas. Biz ehtiyotkorlik bilan harakat qilamiz. Bilasiz, dunyoda ko’plab davlatlar bu borada huquqni chetga suradi”.

Lekin hukumat fuqarolarning telefon va internet aloqalarini maxfiy ravishda kuzatishda davom etmoqda. Milliy Xavfsizlik Agentligining bildirishicha, global internet traffikning 1,6 foizi kuzatuv ostida. E'tibor gumon ostidagi odamlarda, hammada emas, deyiladi bugun chiqqan memorandumda.

Sistemada ishlagan Edvard Snouden bu dasturni fosh etdi, vatandan qochib, Rossiyada vaqtincha panoh topdi.


Prezident bu yigit vatanparvar emas deydi. Davlat xizmatchisi sifatida u o’z noroziligini bildirish huquqiga ega edi. Lekin qonunni buzdi, deydi Obama.

“Vijdonan qiynalayotganini boshqa yo’llar bilan aytishi mumkin edi. Hukumatni savolga tutishga, tanqid qilishga haqqi bor uning”.

Obama Moskvaga safarini “aynan Snouden deb bekor qilmadim” deydi. Prezident kelasi oy Sankt-Peterburgda Katta Yigirmalik sammitida qatnashadi, ammo Putin bilan Kremlda so’zlashmaydi.

Amerika va Rossiya ham hamkor, ham raqobatchi sifatida harakat qilar ekan, aloqalar tangligicha qolmoqda, deydi prezident.

Suriya masalasi va inson huquqlari yuzasidan tomonlar turlicha pozitsiyada qolarkan, deydi Obama, Oq Uy Rossiya bilan rishtalarni qayta ko’rib chiqishi lozim.

“Umidim shuki, Putin va Rossiya shuni anglab yetadiki, AQSh bilan til topishish ularning manfaati uchun xizmat qiladi. Siyosiy raqobat, raqiblik hech kimni muvaffaqqiyat tomon yetaklamaydi”.

Amerika rahbari Al-Qoida bugun juda zaiflashgan deydi. Nega unda yaqinda qator davlatlardagi elchixonalar yopib qo’yildi?

Chunki, deya javob beradi Obama, terror tahdidi kuchaygan damlarda shunday qilgan ma’qul. Arab yarimolida mayda guruhlar faollashgani haqida asosli ma’lumotlar bor.

Amerikaning o’zida esa immigratsiya islohoti dolzarb masala bo’lib qolmoqda. Boshqa muammolar qatorida bu borada ham siyosiy yakdillik yo’q.

Byudjetdagi kamomadni pasaytirish, davlat sarf-xarajatlarini izga solish bobida ham siljish kuzatilmayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG