Breaking News

Obama: Amerika imkoniyatlar makoni bo'lib qolishi kerak


Prezident Obama Kongress va xalq oldida hisobot berdi
Prezident Obama Kongress va xalq oldida hisobot berdi

Prezident Barak Obama bu yilgi nutqini yangi Kongressni qutlashdan boshladi. Vakillar Palatasining yangi spikeri Jon Beynerni 2010 yilning 2 noyabrida o’tgan saylovlardagi g’alaba bilan tabrikladi.

Endilikda har ikki palatada Respublikachilar partiyasi salmoqli kuchga ega. Ular Vakillar Palatasida ko’pchilik o’rinni egallagan. Senatda esa hali ham demokratlar hukmron ammo bir necha o’rinni raqib partiyaga boy berib, ovoz jihatdan ancha zaiflashgan.

Muxolifat o’tgan ikki yil ichida demokratlar qabul qilgan qonunlar va prezident imzo chekkan hujjatlarni bekor qilishga bel bog’lagan. Vashingtonda keskin bahsu-munozaralar avjiga chiqsa ajabmas.

Prezident Obama Vakillar Palatasining yangi spikeri Jon Beynerni g'alaba bilan tabrikladi. Respublikachilar endi bu palatada ko'pchilik.
Prezident Obama Vakillar Palatasining yangi spikeri Jon Beynerni g'alaba bilan tabrikladi. Respublikachilar endi bu palatada ko'pchilik.

Obama siyosiy masalalar emas, ko’proq xalq kayfiyati haqida gapirdi. Yurtdoshlarining ruhini ko’tarishga harakat qildi.

Debatlar, erkin fikr almashish demokratik tuzumning bir qismi, deydi prezident. Lekin munozalardan mantiq qochmasligi kerak, xalq ravnaqi birinchi o’rinda turishi lozim, dedi Barak Obama Kongress a’zolariga murojaat qilar ekan.

8 yanvar kuni Arizona shtatida demokrat qonunchi Gabriella Giffords saylovchilar bilan uchrashayotgan paytda nishonga olingan va olti kishi halok bo’lgan edi. Giffords miyasida o’q yegan, lekin omon qolgan.

Amerikaliklar partiyalar orasidagi keskinlik, serzarda muomala, asossiz gap va ta’na-dashnomlardan to’ygan. Salbiy ruhdagi olishuvlari bilan siyosatchilar o’zlariga nisbatan norozilikni kuchaytirmoqda degan qarash keng tarqalgan.

Prezident Kongressda hamisha iliq kutib olinadi
Prezident Kongressda hamisha iliq kutib olinadi

Obama yurtdoshlarini birdamlikka, sabr-toqatli bo’lishga undamoqda. Mafkuraviy farqlarga asoslangan tortishuvlar, siyosiy raqobat, hokimiyatga intilish – bularning hammasi mamlakat kelajagi va farzandlarimiz istiqbolini ko’zlagan holda olib borilishi kerak, deydi u. "Xalq ishonchini faqat shu yo’l bilan qozonamiz",- deydi u.

Hozir kelasi saylov haqida o’ylaydigan fursat emas, deydi Obama. “O’zi endi bir saylovdan chiqdik. Xalqni ish bilan ta’minlash kerak, sanoat va ishlab chiqarishni kengaytirish, jamiyatimizni mustahkamlash haqida o’ylash kerak”, - deydi prezident.

Obama deydiki, o’tgan ikki yil mobaynida Amerika iqtisodiyoti ancha oyoqqa turdi. “2008 yilda boshlangan iqtisodiy krizisdan chiqdik”, - deydi u. “Xususiy sektor daromad qila boshlagan, iqtisodiy o’sish bor”.

“Amerika imkoniyatlar mamlakati bo’lib qolishi kerak. Men hammangizdan butun diqqatni shu masalaga qaratishni so’rayman”,- deydi prezident qonunchilarga qarata.

Omma kafeda prezident nutqini tinglamoqda
Omma kafeda prezident nutqini tinglamoqda

2010 yilning oxirida Amerikada soliqlarni kamaytirish haqida qonun qabul qilindi. Obama bu borada respublikachilar bilan kelisha oldi. Natijada, deydi u, endi amerikaliklar cho’ntagida ko’proq pul bor.

Obama yurtdoshlaridan omilkor bo’lishni so’ramoqda. Bir korxonada bir umr ishlaydigan zamonlar o’tib ketdi, deyi prezident, ilg’or texnologiya kompaniyalarda ishchilar sonini kamaytirgan. Bu degani odamlar hamisha o’z ustida ishlashi, yangi sohalarni o’rganib, talabga ko’nikib borishi lozim. Yangi ish o’rinlari yangi sohalarda yaratiladi, deydi Obama. Faqat shu yo’l bilangina Amerika global maydonda raqobatlasha olishi, o’ziga xos xususiyatlarni, siyosiy-iqtisodiy qudratini saqlab qolishi mumkin.

“Amerika dunyoda eng yirik iqtisodiy tizimga ega mamlakat. Eng samarador sohalar va sermahsul ishchi kuchi mana shu zaminda”,- deydi Obama. “Jahondagi eng katta, daromadi yuqori, muvaffaqiyatli kompaniyalar bizniki. Bizning ishbilarmonlar va sarmoyadorlar bilan hali hech kim tenglasha olmaydi. Ilm maskanlarimiz eng sifatli bilim beradi. Texnologik salohiyatimiz bilan hech bir davlat tenglasha olmaydi”,- deydi prezident.

Chapdan Adliya vaziri Erik Xolder, Mudofaa vaziri Robert Geyts, Moliya vaziri Timoti Gaytner va Davlat kotibasi Xillari Klinton
Chapdan Adliya vaziri Erik Xolder, Mudofaa vaziri Robert Geyts, Moliya vaziri Timoti Gaytner va Davlat kotibasi Xillari Klinton

Barak Obama yurtdoshlarini innovatsion ruhni saqlab qolishga, umidni boy bermay yashashga undamoqda. “Kashfiyot, ixtiro, ijod va yangicha fikrlash – bizga xos xususiyatlar”, deydi u.

“Yarim asr ilgari Sovet Ittifoqi samoga o’zining “Sputnik” sun’iy yo’ldoshini chiqarib, bizni ortda qoldirgan edi”,- deydi Obama. “Lekin Amerika bundan umidsizlanmay, misli ko’rilmagan tadqiqot va izlanishlar boshlaganki, biz aql bovar qilmaydigan sohalarga asos solib, nafaqat Sovet Ittifoqidan o’zib ketganmiz, balki millionlab ish o’rinlari, imkoniyatlar yaratganmiz”,- deydi Obama.

AQSh prezidenti shu tariqa xalqidan shikoyat qilishni bas qilib, “kelajak yorug’ bo’lishi uchun men nima qila olaman” deb yashashni so’ramoqda.

Obamani Kongressning demokrat va respublikachi a'zolari yonma-yon o'tirib tingladi. Suratda chapdan demokrat senator Charls Shumer va respublikachi senator Tom Koburn.
Obamani Kongressning demokrat va respublikachi a'zolari yonma-yon o'tirib tingladi. Suratda chapdan demokrat senator Charls Shumer va respublikachi senator Tom Koburn.

Muqobil energiya manbalarini rivojlantirish, xorij neftiga tobe bo’lmaslik, ichki qarzni kamaytirish, byudjetdagi kamomaddan qutulish – Obama nazarida bular yaqin yillardagi asosiy iqtisodiy maqsadlar bo’lishi kerak.

Prezident nutqida tashqi siyosatga ham to’xtaldi. Afg’oniston va Iroqni tilga olar ekan, harbiy harakatlar poyoniga yetmoqda, dedi. Iroqdan 100 mingga yaqin askar olib chiqildi. Yana 50 ming qo’shin qolgan, lekin yil oxirigacha ular ham Iroqni tark etadi.

Amerika terroristlarni ildizi bilan yo’q qilish qarorida qat’iy va bu boradagi harakatlar davom etadi, deydi Obama. Razvedka agentliklari va mudofaa kuchlari zarur vositalar bilan ta’minlangan.

Prezident yurtdoshlarini siyosiy birdamlikka undadi
Prezident yurtdoshlarini siyosiy birdamlikka undadi

Obamaning aytishicha, Afg’oniston va Pokistonda al-Qoida va Tolibon qattiq zarba yegan va xalqaro koalitsiya ularni siquvga olishda davom etmoqda.

“Ularni yanchmaguncha to’xtamaymiz”, - deydi prezident. Lekin Afg’onistonda xavfsizlikni ta’minlash mahalliy armiya zimmasiga topshiriladi. Bu xalq kelajagi uning o’z qo’lida, deydi Obama, Amerika kuchlari bu zaminni yaqin ikki yilda bo’shatadi.

“Terrorchilarga gapim shu, sizni Afg’onistondan tortib, Arab yarimorolidagi ildizlaringizgacha, dunyoning qay burchagiga qochmang, baribir yo’q qilamiz. Sizni yer tishlatamiz”,- deydi AQSh prezidenti.

Obama Eronni xalqaro hamjamiyat bilan til topishishga, yadroviy dasturi tug’dirayotgan xavotirlarni bartaraf etishga undadi. “Dunyo oldidagi majburiyatlaringizni unutmang, global tinchlikka xavf solmang”, - deydi u.

Prezident Obama respublikachilar bilan ko'rishmoqda
Prezident Obama respublikachilar bilan ko'rishmoqda

Prezidentning ta’kidlashicha, AQSh xalqaro hamkorlik tarafdori, dunyo ahli bilan kelishib ishlashni ma’qul ko’radi, rivojlanayotgan davlatlardan yordamni ayamaydi, erkinlik va qonun ustuvorligini targ’ib qilishda, qashshoqlik va xavfli kasalliklarga qarshi kurashni davom ettiradi.

Obama yaqin kunlarda kelasi yil byudjet loyihasini Kongressga yo’llaydi. Unda chet eldagi xarajatlardan tashqari prezident olg’a surgan islohot dasturlari uchun ham mablag’ so’raladi. Respublikachilar eng ko’p qarshilik qilayotgan tashabbus bu sog’liqni saqlash tizimini yangilashga qaratilgan murakkab bir loyihadir.

Vashington
Vashington

O’tgan yili qabul qilingan qonunga binoan Amerikada yashaydigan har bir shaxs tibbiy sug’urtaga ega bo’lishi shart. Bunda qurbingiz yetmasa, davlat sizga yordam beradi.

Respublikachilar nazarida fuqarolarni sug’urta sotib olishga majburlash – ularning fundamental huquqlarini buzish bilan barobar.

Obama takliflari vaziyatni yaxshilamaydi, aksincha sug’urta kompaniyalariga ham bosimni oshirib, tizimni yanada holdan toydiradi va davlat xarajatlarini yanada oshiradi, deydi tanqidchilar.

Prezident bu borada respublikachilar bilan hamkorlik qilishga, ularning takliflarini tinglashga tayyor ekanini aytmoqda.

Amerikada ta’lim olish juda qimmat. Obama bu borada ham o’zgarishlar qilishga va’da bermoqda.

“Har bir amerikalik istagan yo’nalishda bilim ola bilishi, hukumat esa buning uchun barcha imkoniyat va imtiyozlarni hozirlab qo’yishi shart”,- deydi prezident.

Respublikachi kongressmen Pol Rayan
Respublikachi kongressmen Pol Rayan

Obama nutqidan keyin respublikachilar o’z munosabatini bildirar ekan, kongressmen Pol Rayan davlat har bir dollarni o’ylab sarflashni o’rganishi kerak dedi.

“Byudjetdagi kamomadni pasaytirish uchun barcha chorani ko’ramiz”, - deydi Pol Rayan, Vakillar Palatasida bu masala bilan mashg’ul qo’mita raisi.

Respublikachilar Demokratik partiya va president Barak Obamani xususiy sektor ustidan nazoratni oshirib, iqtisodning belini bukayotganlikda ayblab keladi.

Kongressmen Rayan deydiki, uning partiyasi prezident bilan ishlashga tayyor, ammo respublikachilar o’z prinsiplaridan voz kechmaydi.

Obama esa muammolar yechimi bir yoqadan bosh chiqarishni talab qiladi deydi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG