Breaking News

Obama: Ayollar haqlari davlat xavfsizligi darajasidagi masala


Obama seshanba, 15-iyun kuni Oq uyda ayollar mavqeiga doir sammitda minglab ishtirokchilar, jumladan, xotin-qizlarga murojaat qildi.
Obama seshanba, 15-iyun kuni Oq uyda ayollar mavqeiga doir sammitda minglab ishtirokchilar, jumladan, xotin-qizlarga murojaat qildi.

Amerika rahbari Barak Obamaning aytishicha, ayollar tengligi davlat xavfsizligi miqyosidagi masaladir. Qo'shma Shtatlar va jahonda bu yo'nalishda yutuqlar bor, lekin hali ko'p ish qilinishi kerak, dedi prezident.

Obama seshanba, 15-iyun kuni Oq uyda ayollar mavqeiga doir sammitda minglab ishtirokchilar, jumladan, xotin-qizlarga murojaat qildi.

"Sakkiz yil oldingi holim bilan qiyoslasam, bugun sochimning oqi ko'proq. Ro'parangizda turgan inson feministdir, ishoning", - dedi u o'ziga ishora qilib.

Obama Amerika jamiyatida ayollar qo'lga kiritayotgan mavqe, obro' va qudratni olqishladi. Ayniqsa, Hillari Klinton demokratlardan yagona nomzodlikni qo'lga kiritganini ko'z-ko'z qildi.

Uning aytishicha, Demokratlar partiyasidan nomzod Hillari bugun "qizlarimiz va o'g'illarimiz oldida keng imkoniyatlarni ochib berdi".

Biroq hanuz minglab ayollar og'ir iqtisodiy sharoitdan chiqib keta olmayapti, dedi Obama.

"Oilada erkak ishlab, ayol kishi uyda o'tiradigan damlar o'tmishda qolgan. Bugun iqtisodiyotimiz mutlaqo boshqa ko'rinishda", - dedi prezident.

Biroq, deydi u, ishxonadagi tartib-qoidalar hali ham eskicha, yangi zamonga moslashmagan.

Prezident xotin-qizlar xizmatda teng maosh olishlari, oilalarga pullik ta'til va pullik "bolnichniy" berish, bolali oilalarni sifatli tibbiy sug'urta bilan ta'minlash zaruratini eslatdi.

Ayollarni zo'rlash, tahqirlash holatlari ham Amerika, ham boshqa davlatlarda hanuz dolzarb muammo bo'lib qolmoqda.

Sammitda so'zlagan Jessika Deyvidson ikki yil oldin kollejda o'qigan payti zo'rlangan. Uning aytishicha, Amerikada jinsiy tajovuz ortidan qurbonlar uyalganidan, jamiyat ularni tushunmaganidan og'iz ochmaydi.

Sammitda oiladagi zo'ravonlik, jinsiy tajovuz, ayollar uchun imkoniyatlar, liderlik, iqtisodiy sharoit va imkoniyatlar kabi mavzular muhokama qilindi.

Obamaning aytishicha, gender tengligi tashqi siyosatdagi muhim yo'nalishdir.

"Aholisining yarmini izza qilgan davlatlar, ularni maktabga yoki ishga yo'latmaydigan mamlakatlar uzoqqa bormaydi. Butun salohiyati, potensialiga erisha olmaydi bu yurtlar", - deydi Obama.

Prezidentning aytishicha, "Boko Haram" va "Islomiy davlat" kabi to'dalarning mafkurasi xotin-qizlarni qul qilishni targ'ib qiladi. Terrorizm, zo'ravonlik, beqarorlikka yetaklovchi asosiy sabablar ham ana shular, deydi prezident.

Sammit oldidan Oq uy xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash yo'lida hukumat, bizneslar va tashkilotlarga 50 million dollar ajratishini ma'lum qildi.

Bu anjuman, deya eslatadi Oq uy, ayollar va qizlar uchun imkoniyatlar yo'lida kurashayotgan siyosat, huquq va boshqa soha mutaxassislarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG