Breaking News

Obama: Malayziya samolyoti isyonchilar hukmron hududdan nishonga olingan


Malayziya samolyoti Ukraina sharqidan, Rossiyaga xayrixoh isyonchilar nazoratidagi hududdan turib nishonga olingan. Buni tasdiqlovchi dalillar bor, dedi Obama.

Malayziya havo yo'llariga qarashli yo'lovchi samolyoti Ukraina sharqidan, Rossiyaga xayrixoh isyonchilar nazoratidagi hududdan turib nishonga olingan. Buni tasdiqlovchi dalillar bor, dedi Amerika rahbari Barak Obama.

Rossiya Ukraina sharqidagi bu kuchlarga moliya, aslaha, jumladan, samolyotlarni urib tushirishga qodir qurollarni uzatmoqda. Bu ham haqiqat, dedi prezident bugun Oq uyda matbuot xodimlari bilan ko'rishar ekan.

Obama fojeani mustaqil ravishda tergov qilishga da'vat etar ekan, xulosa qilishga shoshmaslikka chaqirdi.

"Voqea jahon hamjamiyatini befarqlikdan uyg'otishi kerak. Ukrainadagi urushga barham beradigan fursat yetdi. Rossiya, Rossiyaga xayrixoh bo'lginchilar va Ukraina hukumati otishmani darhol to'xtatishi lozim", - deydi u.

Malayziya havo yo'llariga qarashli laynerda o'nlab davlatlardan salkam 300 odam bor edi. Aksariyati Niderlandiya fuqarolari.

Yuzdan ziyodi Avstraliyada OITS, orttirilgan immunitet taqsilligi sindromiga oid xalqaro anjumanga ketayotgan ekspertlar edi.

"Jahon og'ir dardga dori va davo topgan dono olimlaridan ayrildi", - deydi Barak Obama.

Yo'lovchilar orasida bir amerikalik ham bo'lgan.

Obama Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kecha gaplashgan. Taraflar Amerika joriy etgan qo'shimcha sanksiyalar haqida to'xtalgan va Obamaning aytishicha, Putin jazo choralaridan norozi.

Rossiya Ukraina tinchligi va barqarorligini tiklash uchun yetarli harakat qilmayapti, bo'lginchilarni qurolini tashlashga ko'ndirishga qodir, lekin buni qilmayapti, shu sababli sanksiyalar oshirildi, dedi Obama.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG