Obama ekstremizmga qarshi bir yoqadan bosh chiqarishga chaqiryapti

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama dunyo hukumatlarini ekstremizm va unga zamin yaratuvchi omillarni bartaraf etishga chaqirmoqda.

G'arb islom dunyosi bilan urush qilayapti degan gaplar qip-qizil yolg'on, biz terrorizmga qarshi kurashyapmiz, deydi AQSh rahbari.

Obamaning aytishicha, ekstremizm muammosini faqat bir yoqadan bosh chiqarib hal qilish mumkin. Bir-birimizga ko'maklashaylik, dedi u 60 dan ziyod mamlakatdan kelgan mehmonlarga qarata.

"Islomiy davlat" singari qonxo'r guruhlarni faqat harbiy kuch bilan yengib bo'lmaydi. Yovuz mafkurani targ'ib qilayotgan, moliyalayotgan, yoshlarni bu baloga chorlayotganlarni aniqlash va fosh etish zarur. Bu ish mahalladan, oiladan boshlanadi, deydi AQSh rahbari.

"Turli mintaqalardagi davomiy mojarolar, ayniqsa mazhablararo zo'ravonliklar ekstremizm ildiz otishiga zamin yaratmoqda. Odamlarni terrorizm tomon intilishga majbur qilayotgan muammolar, jumladan yo'qsillikka barham beraylik", - deydi Obama.

Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Nosir Juda jihodchilar safiga qo'shilishga moyil yoshlarga alohida e'tibor zarurligini ta'kidladi.

"Ularni uch narsa bilan ta'minlash kerak. Ta'lim, imkoniyat va taqdiri o'z qo'lida ekaniga ishonch", - deydi u.

Xalqaro koalitsiyaga a'zo Iordaniya so'nggi haftalarda "Islomiy davlat"ga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirgan. Suriyadagi jihodchilar iordaniyalik bir uchuvchini tiriklayin yoqib yuborgan edi.

Vashingtonda o'tgan uch kunlik sammitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi-Mun ham qatnashdi. Uning fikricha, terrorchi to'dalar har bir jamiyatdagi eng muhtoj qatlamni o'ziga tortishida hukumatlarning o'zi aybdor.

"Ko'p yillik tajribadan bilamizki, chuqur o'ylanmagan siyosat, inson qadr-qimmatini yerga urish va fuqaro huquqlarini toptash bilan rahbarlar o'z xalqiga zulm qiladi, uning sabrini sinaydi. Zo'ravon ekstremizmni bartaraf etish inson huquqlarini hurmat qilishdan boshlanadi", - deya ta'kidladi BMT rahbari.

Barak Obamaning aytishicha, huquqqa beparvolik, fuqaroni e'tiqodiga qarab ajratish va yakkalash, erkin fikrni cheklash radikalizm urchishiga xizmat qiladi. Terrorchilar ana shunday muhitdan o'ziga yangi a'zolarni izlaydi. Tinch demokratik yo'l bilan o'zgarishga erishib bo'lmasa, odamlar yagona yo'l - zo'ravonlik degan propagandaga uchadi.

Sammitda Qozog'iston va Qirg'izistondan ham delegatsiyalar qatnashdi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, anjumandan maqsad - real ahvoldan kelib chiqqan holda davlatlar birgalikda tatbiq eta oladigan rejalarni belgilab olish. Global sa'y-harakatlar qanchalik samara berayotgani shu yil kuzda BMT Bosh Assambleyasi majlisida sarhisob qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG