AQSh xulosasiga ko’ra, kimyoviy hujum Suriya hukumatining ishi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Suriyada kimyoviy qurol qo’llanganiga javoban qanday chora ko’rish yuzasidan bir qarorga kelmagan hali, lekin prezident Barak Obamaning ta’kidlashicha, hujumni Suriya hukumati amalga oshirganiga shubha yo’q.

“PBS” telekanali bilan suhbatda prezident Obama Oq uyda Suriya bo’yicha muhokamalar davom etayotganini ma’lum qildi. Pentagon bu boradagi taklif va maslahatlarini prezidentga taqdim etgan.

Vashington xulosasiga ko’ra, 21-avgust kuni Damashq yaqinida yuzlab insonni zaharlab o’ldirgan hujum ortida Bashar al-Assad ma’muriyati turibdi.

Aholiga nisbatan kimyoviy qurol ishlatish xalqaro qonunlarga zid va biz bu jinoyatga chetdan qarab tura olmaymiz, deydi AQSh rahbari.

“Ayni paytda ittifoqchilarimiz va dunyo jamoatchiligi bilan maslahatlashyapmiz. Suriyada uzoq muddatli bir urush boshlash niyatimiz yo’q. Lekin kimyoviy qurollarni man etuvchi xalqaro normalarni buzgan davlat javobgarlikka tortilishi shart”, - deydi Obama.

Tor doiradagi harbiy operatsiya bilan nimaga erishib bo’ladi degan savolga AQSh rahbarining javobi shuki, Suriyada muammolar birdaniga hal bo’lib qolmaydi. Maqsad - Damashqqa kuchli signal yuborish.

“Assad rejimi hokimiyatda qolish uchun ikki yildan beri jang qiladi. Ommaviy qirg’in qurollarini aholiga qarshi qo’llash jazosiz qolmasligini u bilib qo’ysin”, - deydi prezident.

Shu bilan birga, AQSh rahbari Suriya muammosini hal qilish uchun barcha tomonlar bilan, jumladan Damashqning eng yaqin ittifoqchisi Rossiya bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Mojaroning mintaqaviy ta’siri haqida so’zlar ekan, Barak Obama Turkiya, Isroil va Iordaniya kabi ittifoqchilar va harbiy bazalar xavfsizligini ta’minlash zaruriyatini eslatdi.

Uning aytishicha, AQSh ommaviy qirg’in qurollari tarqalishini bartaraf etish uchun chora ko’radi, toki kimyoviy qurollar terrorchi guruhlar qo’liga tushmasin.

O’z navbatida, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun G’arb hukumatlarini xalqaro inspektorlarga Suriyada ishini yakunlashga imkon berishga undayapti. Ular shanba kuni o’z xulosalarini e’lon qilishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG