Obama Suriyada razvedka parvozlariga ruxsat berdi

  • Amerika Ovozi

Oq uyning bildirishicha, prezident Barak Obama Suriya uzra razvedka parvozlarini amalga oshirishga ko’rsatma bergan.

Qo’shma Shtatlar rahbari harbiy amaliyotga hali ruxsat bergani yo’q, lekin Amerika Suriya sharqi va Iroq shimolini egallab olgan jangarilarga qarshi jangovar choralarni ko’rib chiqmoqda.

Oq uy Suriyadagi urush razvedka parvozlari va boshqa qarorlarga halaqit berayotgani e’tirof etadi. Obamaning aytishicha, Amerikaning harakatlari prezident Bashar al-Assadni qo’llab-quvvatlash deya tushunilmasligi kerak. Suriya mana uch yildan oshibdiki, urush girdobida.

“Assad rejimini yoqlamoqchi emasmiz. Aksincha prezidentni ishdan ketishga bot-bot undab kelamiz”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.

Kecha Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim uning davlati Iroq masalasida xalqaro hamjamiyat, jumladan, Amerika va Britaniya bilan ishlashga tayyor ekanini aytgan edi. Biroq har qanday hujumni Damashq bilan kelishib amalga oshirish kerak bo’ladi, dedi Muallim.

Iroq poytaxtining shialar mahallasida mashina portlab 10 odam halok bo’lgan, 30 dan oshiq kishi jarohatlangan. BMT inson huquqlari oliy mulozimi Navi Pillay mamlakatda “Islomiy davlat” ekstremist guruhi sodir etayotgan “qo’rqinchli, keng ko’lamli va tinimsiz” qotilliklardan dahshatda. Guruhning xatti-harakatlarini harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlarga tenglashtirish mumkin, deydi Pillay.

Jangarilar ozchilik diniy elat, yuzlab yazidiylarni qirgan va yana minglab odamlarni qullikda saqlayapti.

Sal oldin jangarilar amerikalik jurnalist, 2012-yilda Suriyada bedarak ketgan Jeyms Folini qatl etgan edi.

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden nazarida Iroq siyosiy jihatdan to’g’ri qarorlar qabul qila boshladi va xalqaro hamjamiyat qo’llab-quvvatlovini kafolatladi. Bayden dushanba kuni Iroqning bo’lg’usi bosh vaziri Haydar al-Abadiy bilan telefonlashdi.

Amerika rasmiysining aytishicha, Iroqda yangi hukumatni shakllantirish mamlakatda jangarilarni mag’lub etishning muhim shartlaridandir. Qo’shma Shtatlar va ittifoqchilar rasmiy Bag’dodni yangi hukumat tarkibiga barcha elat va diniy guruhlar vakillarini jalb qilishga chaqiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG