Kongress Suriyaga hujumni yoqlamasa, AQSh obro'siga zarar, deydi tahlilchilar

  • Amerika Ovozi

Tahlilchilar fikricha, prezident Obamaning Suriyaga hujum qilish uchun Kongressdan ruxsat so'rashi siyosiy jihatdan qaltis qadam. Agar Kongress rad javobini bersa, bu Obamaning obro’siga ham, AQShning xalqaro maydondagi mavqeiga ham salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

O’tgan oy Bashar al-Assad Suriya fuqarolariga qarshi kimyoviy qurol qo’llaganlikda ayblangach, prezident Obama bu mamlakatga hujum qilish masalasini Kongressga havola etdi.

Ammo amerikaliklar orasida harbiy choraga qarshilar ko’p. Ular Jon Makkeyn kabi cheklangan hujum tarafdori bo’lgan qonunchilarga bosim o’tkazishga urinmoqda.

“Men Suriyaga AQSh askarlarining kiritilishiga qat’iyan qarshiman. Shuni sizlarga boshidanoq aytmoqchiman”, - deydi Makkeyn.

Prezident iltimosi Kongress tomonidan rad etilishi ehtimoli yo’q emas. Shunday bo’lsa ham, Obama tasdiqni olish va bu bilan mamlakat ichkarisida ham, xalqaro maydonda ham mavqei mustahkamlanishiga umid qilmoqda.

“Agar Kongress bu harakatni ma’qullasa, yanada samaraliroq va kuchliroq bo’lamiz”, - deydi Obama.

Ammo siyosiy jihatdan Kongressdan ruxsat so’rash prezidentga qimmatga tushishi mumkin. AQSh Tinchlik instituti tadqiqotchisi Stiven Xeydeman shunday fikrda.

“Hozircha u Kongressga so’zini o’tkaza oladimi, yo’qmi, ma’lum emas. Agar Kongress yo’q deb ovoz bersa, prezident obro’siga putur yetishi aniq”, - deydi tahlilchi.

Uning aytishicha, Kongressning harbiy hujumni rad etishi AQShning mojaroni diplomatik yo’l bilan hal etishga qaratilgan harakatlariga ham zarar yetkazadi.

“Agar AQSh ta’sir kuchini boy bersa, odamlarning prezidentga ishonchi yo’qolsa yoki u o’z va’dasining ustidan chiqolmaydi, deb o’ylashsa, Amerikaning muammoni yechishi, bu yerdagi turli guruhlar bilan muzokara olib borishi qiyin bo’ladi”, - deydi Xeydeman.

Prezident Obamaning fikricha, AQSh va xalqaro hamjamiyat Suriyaga hujum qilish masalasida yakdil. Ammo Kongress rad javobini bersa, ana shu ishonchga putur yetadi, deydi Vashingtondagi tahlil markazi tadqiqotchisi Bleys Miztal.

“Shuncha ogohlantirish va tahdidlardan so’ng Kongress qarori bilan birdaniga o’zimizni orqaga olsak, bu AQShning xalqaro mavqeiga ziyon bo’ladi”, - deydi tahlilchi.

Ayni paytda, agar Kongress hujum qilish rejasini ma’qullasa, bu Obamaning obro’sini oshirishi tabiiy.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG