Breaking News

Prezident Obama Oq uyda Dalay Lama bilan uchrashdi


Rasmiy Pekin Amerikani bu uchrashuvni bekor qilishga undamoqda.
Rasmiy Pekin Amerikani bu uchrashuvni bekor qilishga undamoqda.
Prezident Barak Obama Oq uyda Dalay Lamani, Tibetning surgundagi diniy peshvosini qabul qildi. Xitoy buni qilmaslik haqida keskin ogohlantirish bergan.

Oq uyning bildirishicha, Obama "mo'tabar diniy va madaniy arbob"ni mehmon qildi. Qo'shma Shtatlar Dalay Lamaning mo'tadil yondashuvini qo'llab-quvvatlaydi. Unga ko'ra, tibetliklar Xitoyga o'ta qo'shilib, qorishib ketmasligi lozim, shu bilan birga, Tibetning mutlaq mustaqilligini talab qilishga o'rin yo'q.

Pekin Amerikani bu uchrashuvni bekor qilishga undamoqda. Diplomatik asoratlari yaxshi bo'lmaydi, deydi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xua Chuying.

"Dalay Lama siyosiy surgundagi shaxs. U dinni pana qilib, Xitoyga qarshi separatist amaliyotlarni yuritib keladi. AQSh rahbari Dalay Lama bilan ko'rishib, Xitoyning ichki ishlariga qo'pollarcha aralashgan bo'ladi. Bu xalqaro me'yorlarga ham xilofdir. Xitoy-Amerika aloqalari ziyon ko'radi", - deydi u.

Obama 2010 va 2011-yillarda Dalay Lama bilan ko'rishganida ham Xitoy ayni bayonotlar bilan chiqqan edi. O'shandagi muloqot davlatlar aloqalariga jiddiy ta'sir qilmagan. Bu safar ham biror o'zgarish bo'lishi gumon, deb hisoblaydi tahlilchi Jon Pauers.

"Xitoy o'zining ichki ishlariga aralashayotganlarini aytib shikoyat qilib keladi. Bundan biror narsa o'zgarayotgani yo'q", - deydi u.

Pauersning aytishicha, Amerika va Dalay Lamaning muntazam uchrashuvlaridan tomonlar na zarar va na foyda ko'rayapti.

Lekin aksariyat huquq tashkilotlari muloqot davom etishi muhim, deydi, toki jahon hamjamiyati Xitoyning Tibet ahliga nisbatan zulmidan boxabar bo'lsin.

2009-yildan beri Tibetda Xitoy siyosatidan norozi 126 odam o'ziga o't qo'ygan. Kommunist rahbarlar bu voqealarni terrorizm toifasiga kiritib, Dalay Lamani ekstremizm urug'ini sochishda ayblaydi.

Tibetliklar Xitoyni ozchilik xalqning dini va madaniyatini ezayotganlikda ayblab shikoyat qiladi. Xitoylar Tibetning tarixiy maskanlariga ommaviy ravishda ko'chib kelayapti, deya norozi ular.

Pekin bu da'volarni rad etib, Tibetga kiritilayotgan sarmoyani, hududda yashash sharoiti yaxshilanganini eslatadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG