Obama Yaqin Sharqqa otlanmoqda, Isroil va Falastinni tinchlikka undaydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama kelasi hafta Yaqin Sharq bo’ylab safarga otlanadi. Isroil, Iordan daryosining g’arbiy sohili va Iordaniyada mehmon bo’ladi. Arab-Isroil ixtilofi, Eron yadro dasturi va Suriyadagi fuqaro urushi – kun tartibidagi bosh masalalar.

Barak Obama 2008-yilda Isroilga safar qilganida hali senator edi, Oq uyga da’vogarlardan biri edi.

Ikkinchi muhlatiga kirishgan prezident sifatida safarga otlanar ekan, Oq uy rasmiysi Jon Ernestga ko’ra, arab-Isroil mojarosini hal etishga qaratilgan yangi tashabbuslar haqida gap ketayotgani yo’q.

“Vashingtondan signal shuki, tinchlikka erishish prezident oldidagi ustuvor masala. Agar tomonlar muloqotga tayyor bo’lsa, AQSh ularni qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi matbuot kotibi o’rinbosari.

AQSh Isroil va Falastin ikki alohida davlat bo’lib, tinchlikda yonma-yon yashashini istaydi. Lekin prezident Obama va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu orasida iliqlik yo’q. Ishg’ol qilingan yerlarda Isroil o’z mahallalarini kengaytirayotgani bot-bot tanqidga uchragan.

Siyosatshunos Neil Kritz fikricha, Obama ham Isroilni, ham falastinliklarni ishontirishga harakat qiladi.

“Muammo shundaki, ikki alohida davlat barpo etish g’oyasidan tobora uzoqlashyapmiz. Obama bu imkoniyatni boy bergan prezident bo’lib tarix sahifalaridan joy olishni istamaydi”.

O’tgan yilgi prezident saylovlarida Amerika yahudiylarining 69 foizi Obamaga ovoz bergan.

“AQSh Yahudiylar demokratik kengashi” nomli lobbichi guruh rahbari Aaron Keyak hayron emas. Uning aytishicha, Isroilning do’sti ekanini qayta-qayta namoyish etgan prezident u.

Erik Fasfildning tashkiloti antisemitizmga qarshi kurashib keladi. Obamaning Yaqin Sharqqa safari, deydi u, u yerdagi ahvol bilan yaqindan tanishish uchun imkoniyat.

“Odamlar yuzma-yuz muloqotiga nima yetsin. AQSh rahbari Isroildagi bugungi manzarani o’z ko’zi bilan ko’rishi kerak”, - deydi u.

Yaqinda yahudiy va arab tashkilotlar yetakchilari Oq uyda mehmon bo’ldi. Jumladan Voren Deyvid, arab-Amerika aksil-diskriminatsiya qo’mitasi rahbari.

“Falastinliklar davlatchilik orzusiga qachon erishadi, Vashington xolisona ravishda bu harakatni qo’llab-quvvatlaydimi, deb ro’yirost so’radik. Prezident va uning maslahatchilari bergan javobdan biroz ilhomlandik. Umid bor”, - deydi faol.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG