Obama xalq bilan "Twitter" orqali aloqada

  • Amerika Ovozi

Obama xalq bilan "Twitter" orqali aloqada

Obama xalq bilan "Twitter" orqali aloqada

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar jahonda inqiloblarni alanga oldirib, Amerika siyosatini ham o’zgartira boshladi.

Prezident Barak Obama xalq bilan bog’lanish uchun internetdan keng foydalanib keladi. Yaqinda Twitter xizmati orqali fuqarolar bilan savol-javob qildi.

U kattaroq auditoriyani qamrash uchun ijtimoiy tarmoqlarni ishga solmoqda.

“Twitterdan foydalangan birinchi prezident bo’lib tarixga kiraman. Kompyuterlar tayyor, mana”, - deya so'z boshladi davlat rahbari.

Obamaning maqsadi axborotni asosan internetdan oladigan fuqarolar bilan muloqot qilish, ularning fikrini tinglab, tanqidlariga javob berish. Prezident Facebook va Youtube kabi saytlardan foydalanib keladi.

Hozir hammaning xayolida iqtisod, ishsizlik va moliyaviy yetishmovchilik. Savollar shu haqda bo’ldi.

“Davlat qarzi masalasida bir narsaga aniqlik kiritmoqchiman. Tarixga qaraydigan bo’lsak, Qo’shma Shtatlar qarzga botgan pallada obligatsiyalarni chetga sotib, shu orqali defitsitni yopib kelgan. Ya’ni chetdan qarz olamiz. Kongress esa qarz olishga ruxsat berishi kerak", - deydi prezident.

"Hozir nima bo’layapti? Kongress xorijdan pul olishimizga ruxsat bermayapti. Buning oqibatida xazinamizda mablag’ qolmasligi mumkin. Ya’ni moliyaviy majburiyatlarimizni bajara olmaymiz, qarzimizni to’lay olmaymiz. Undan keyin nima bo’ladi deng? Xalqaro hamjamiyat Amerika so’zida tura olmas ekan deya xulosa qiladi”.

Ken Goldsteyn, siyosiy sharhlovchi:

“Siyosat nozik masala. Uni bitta majlis bilan hal qilib bo’lmaydi. Bafurja muhokama kerak”.

Goldsteyn nazarida Obamaning yangi tarmoqlarga bo’lgan ishonchi kamchilikdan xoli emas.

“Obama yangilikka intilib yashaydi. Shu bilan birga, u obdon suhbat qurishni, batafsil muhokamani afzal ko’radi. Holbuki, Twitter kabi xizmatlardan foydalangan shaxs 140 harfdan o’tmasligi kerak. Imkoniyat cheklangan”, - deydi u.

Facebook, Youtube va Twitter kabi tarmoqlar dunyoning turli burchaklarida inqiloblarni tebratdi. Bu xizmatlar Eron, Xitoy va Yaqin Sharqda isyonkor va talabchan insonlarni birlashtirdi, siyosiy va ijtimoiy qo’zg’olonlarga turtki berdi.

Lekin tahlilchilar nazarida siyosatdan xabardor bo’laman degan inson axborot vositalarining hamma turini kuzatib borgani ma’qul.

“Eski ommaviy axborot vositalari hamon muhim ekaniga ishonaman. Internetda o’qib yurganlarimiz aslida, yaxshilab, tekshirsak, gazetayu televideniye, radiodan chiqqan bo’ladi”.

Yillar davomida siyosatdonlar eski matbuot imkoniyatlarini kam deb bilib kelgan. Yangi vositalar, internetdagi tarmoqlardan ularning umidi katta. To’g’ri-da, jurnalistlar bilan uchrashib o’tirishning hojati yo’q. Twitterda bitta xabar yozsa kifoya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG