Breaking News

Obama: Rossiyaning Ukrainaga qo'shin olib kirishi katta xato


Oq uy, 28-fevral, 2014
Oq uy, 28-fevral, 2014
AQSh rahbari Barak Obama deydiki, Ukrainadagi mojaroga Rossiya harbiy aralashuvi yaxshilikka yetaklamaydi. Vashington rasmiylarining aytishicha, hozirda Qrim Rossiya qo'shini izni ostida.

Oq uydan turib bayonot berar ekan, prezident Ukraina suverenitetini buzish beqarorlikni kuchaytiradi, dedi.

Amerika Rossiyaning Qrimdagi harbiy harakatlaridan xavotirda, deydi Obama.

Ukraina xalqi o'z kelajagini o'zi hal etishi lozim va Kreml oldin qayd etganidek, masalaga bosh suqmasligi kerak.

Bugun Ukrainaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Yuriy Sergeyev favqulodda yig'ilgan Xavfsizlik Kengashiga shuni bildirdiki, Rossiya harbiy vertolyot va samolyotlari Qrimga kirib borgan.

Qrimning port shahri Sevastopol aeroporti Rossiya nazoratiga o'tgan, deydi rasmiy. Ommaviy axborot vositalari ishdan to'xtatilgan. Aloqa uzilgan. Sevastopol Ukrainada Odessadan keyingi eng yirik port.

Ayrim manbalarga ko'ra, Rossiya qo'shinlari, shuningdek, Simferopol aeroportini ham qo'lga olgan.

Dunyo Ukrainani quvvatlashi kerak, deydi Sergeyev.

Kremlda prezident Vladimir Putin vaziyatni Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron, Germaniya kansleri Angela Merkel va Yevropa Kengashi raisi German fon Rompuy bilan telefonda muhokama qilgan.

Rossiya hukumati Ukrainada ahvol normallashishi va zo'ravonlik kuchaymasligi uchun chora ko'rayotganini bildirmoqda. AQSh nazarida agar bu chora harbiy missiyadan iborat bo'lsa, Ukraina hali-beri tinchimaydi.

Kiyevdagi muvaqqat rahbari Oleksandr Turchinov Rossiyani vaziyatni izdan chiqarishga urinayotganlikda ayblamoqda. "Ajnabiy qo'shinlar hududimizni darhol tark etsin",- deydi u.

“Rossiya federatsiyasi davlatimizga qarshi agressiv kampaniya boshlagan. Harbiy mashqlar qilayapmiz degan bahona bilan ular Qrim Avtonom Respublikasiga qo’shin olib kirib, nafaqat bu o’lka parlamenti va vazirlar mahkamasi balki muhim obyektlarni va aloqa markazlarini egallab olgan”,- deydi Turchinov.

Kreml esa Ukraina bilan mavjud kelishuvlar asosida ish tutayotganini da’vo qilmoqda. Yuqoridagi diplomatik iddaolarga, hatto BMTda yangrayotgan bayonotlarga qaramay, qo’shinlar Qrimga bostirib kirgani yo’q, deydi Rossiya rasmiylari.

Rossiyadan boshpana olgan sobiq prezident Viktor Yanukovich esa hamon hokimiyatda ekanini da'vo qilib, "oxirigacha kurashaman" deydi. Uning fikricha, Rossiya Ukrainada tinchlikni ta'minlash uchun aralashishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG