Obama: Harakat qilsak, kelasi yil shu paytda Falastin degan mustaqil davlat bo'ladi

  • Amerika Ovozi

Barak Obama BMT Bosh Assambleyasida bugun ham ma’ruza qilib, Isroil-Falastin mojarosi, Eron va Shimoliy Koreya atom dasturlari bilan bog’liq masalalar haqida gapirdi.

Nyu-Yorkka yig’ilgan prezidentlar, bosh vazirlar, tashqi ishlar vazirlari odatda AQSh bayonotlarini diqqat bilan tinglaydi, hatto bu davlat bilan kelisha olmayotgan bo’lsa ham.

Bugun Bosh Assambleya yillik sessiyasining ochilish kuni. Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod ham nutq so’zlaydi.

“Mamlakatim atom energiyasi ishlab chiqarishni maqsad qilgan va bu hech kimning tinchligiga raxna solmaydi”,- deydi u.

AQSh, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy Eronni yadroviy dastur haqida ochiq muloqotga chorlab, orada to’xtab qolgan muzokaralarni qayta boshlashga chaqirmoqda.

Obama "Atom xavfidan xoli dunyoda yashashga intilaylik",- deydi.

Eron, deydi u, suveren davlat sifatida o’z huquq va burchlariga ega. Huquqini hech kim rad etmayapti, ammo nega u dunyo ahliga o’z yadroviy maqsadlarini ochiq-oydin tushuntirishdan bosh tortmoqda?

"Yashirin, maxfiy dastur uchun uni javobgarlikka tutishga haqlimiz”, - deydi AQSh prezidenti.

Amerika rahbari Isroil va Falastinni ahillikka undab, “azaliy adovat, nafrat va siyosiy qaysarlikdan chekining” deydi.

“Mana shu illatlar sizni tinchlik-farovonlik va mustaqil hayotdan ayirib kelmoqda”,- deydi u.

Vashington Falastin davlati barpo etilishi tarafdori. Lekin buni AQSh emas, Falastin xalqining o’zi sidqidildan istashi va birdamlikda harakat qilishi kerak.

Hozir G’azo sektorida Xamas jangari guruhi hukmron. Prezident Mahmud Abbos va uning Fatx harakati esa Iordan daryosining G’arbiy sohilini boshqaradi.

Mahmud Abbos AQSh vositachiligida Isroil bilan tinchlik muloqoti boshladi. Falastin Isroildan 1967 yilda bosib olingan yerlarni tark etishni talab qilib kelmoqda. Quddusning sharqiy qismida, falastinliklar o’z yeri deb biladigan joyda yahudiy aholi uchun uy-joy qurmaslik ham talablardan biri. Isroil hali bu shartlarni qabul qilmagan.

Obama bugun BMTdan turib, har ikki tomonni uzoqni o’ylab ish tutishga chaqirdi. AQSh umidi shuki, harakat qilinsa, kelasil yilgacha Falastin degan mustaqil davlat bo’ladi.

“Tarixiy imkoniyatni boy bermang, xalqingiz tinchligini o’ylang”,- dedi u.

“Bir-biringiz bilan kelisha olmasangiz, Falastin xalqi o’z davlatiga ega bo’lishdek bebaho tuyg’u, g’urur nima ekanini bilmaydi. Isroil xalqi esa qo’shnilaridan xavfsirab yashashda davom etadi. Qo’n tokilishda davom etadi. Muqaddas zamin deb atalmish bu mintaqa tarqoqlik girdobi ostida yashayveradi. Bu yo’ldan qayting”,- deydi Obama, Falastin va Isroilga qarata.

Obama “Afg’onistonda Al-Qoida terror guruhi va Tolibon hamda ularga hamkor jangarilarga qarshi kurashni oshirayapmiz, deydi.

Obama BMTda, shuningdek, barcha xalqlarni birlashtiruvchi manfaatlarga – erkinlik, imkoniyat va tenglik haqida ham to’xtaldi.

Dunyo bo’ylab ko’plab rahbarlar fuqaro jamiyatiga to’sqinlik qilayotgani, inson huquqlarini poymol etayotgani, hokimiyatni boy bergisi kelmay, xalqni bosim ostida saqlab kelayotganini tilga oldi.

Nyu-York, BMT qarorgohi joylashgan bu azim shahar, dunyo yuragi, deydi Obama. 2001 yilning 11 sentabrida bu yerda yuz bergan terror xurujlari global siyosatda ulkan burilish yasadi. Nyu-York biznes va moliya markazi ekan, global inqiroz negizi ham shu yerda, dedi Obama.

“Men prezidentlikka kelganimdan beri iqtisod ancha oyoqqa turdi, ammo oldinda qilinadigan ishlar talay”,- deydi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG