Breaking News

Obama Putin bilan ko’rishmaslik qarori, xavfsizlik va immigratsiyaga izoh berdi


Prezident Barak Obama bugun matbuot anjumani o’tkazib, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvning qoldirilishi, AQSh elchixona-konsulliklarining vaqtincha yopilishi, Yaqin Sharqdagi ahvol, ishsizlik va boshqa muammolar haqida so’zladi.

Obama kelasi oy Sankt-Peterburgda Katta Yigirmalik sammiti oldidan Moskvada Putin bilan yuzma-yuz uchrashishi kerak edi. Oq uyning izohicha, prezidentlar darajasida sammit o’tkazish uchun tomonlar tayyor emas.

Amerika Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Edvard Snouden ishi oraga sovuqlik olib kirgan asosiy sabablardan. AQSh hukumatining yashirin kuzatuv programmasini ovoza qilgan kompyuterchi vatanida josuslikda ayblanayapti, uning pasporti bekor qilingan.

Obamaning aytishicha, Sovet Ittifoqi qulaganidan beri Rossiya bilan aloqalarda taranglik saqlanib kelgan. Prezident Putin bilan aloqalarni salbiy deb ta’riflamagan bo’lar edim, dedi u.

Obama nazarida Snouden vatanparvar emas. Bu shaxs maxfiy dasturni oshkor qilishidan ancha oldin hukumatni mazkur loyihani qayta ko’rib chiqishni taklif qilganman, dedi prezident.

Uningcha, Snouden razvedka ma’lumotini e’lon qilmasligi kerak edi.

Qo'shma Shtatlar yaqinda Yaqin Sharq va Afrika shimolidagi bir necha elchixona va vakolatxonalarini vaqtincha yopgan, ayrim davlatlardan diplomatlar evakuatsiya qilingan. Obama bu haqda ham to'xtalib, al-Qoida oxirgi yillarda ancha bo'linib ketgan bo'lsa-da, mayda-mayda guruh holida hamon jiddiy xavf kasb etmoqda, dedi.

U, ayniqsa, al-Qoidaning arab yarimorolidagi tarmog'ini misol qiladi. Terrorchilar 2001-yilning 11-sentabridagi kabi salmoqli xuruj sodir eta olmas, ammo Amerika elchixonalari, fuqarolari va bizneslarining ketiga tushishga qodir.

"Shunday ekan, oldimizdagi maqsad Yaman kabi ittifoqchi davlatlar kuchga to'lishi va mintaqaviy xavflarni mustaqil yenga olishiga yordamlashish", - dedi Obama.

Prezidentning so'zlariga ko'ra, Qo'shma Shtatlar o'tgan yilning kuzida Liviyaning Bing'ozi shahridagi elchixonaga hujum sodir etgan shaxslarni topib jazolash ahdida qat'iy. Amerika fuqarosini o'ldirgan odamlar jazosiz qolmaydi, dedi Obama.

11 sentabr kungi hamlada to'rt amerikalik, jumladan, elchi Kristofer Stivens o'lgan edi.

Immigratsiya tizimidagi nuqsonlar haqida so’zlagan Obama nazarida respublikachilar orasida bahs-munozara islohotga to’g’anoq bo’lib turibdi. Demokratlar hukmron Senat hujjatni ma’qullagan, endi navbat respublikachilar nazoratidagi quyi palataga.

Prezident ta’biricha, loyiha respublikachilar xavotiriga sababchi barcha masalalar – chegarani mustahkamlash, hujjatsiz muhojirlarni yollayotgan ish beruvchisi javobgarlikka tortish, dokumenti yo’q migrantlarga jarima solib, soliqlar to’lashini talab qilish kabilarga javob beradi.

Muxolifat e’tirozi shuki, hujjat muammoni 100 foiz hal qilmaydi. Hech bir qonun mavjud muammolarga yagona yechim bo’lolmaydi, deya javob qiladi Obama.

Qonunchilar hozir ta’tilda. Ular qaytganidan keyin avvalo immigratsion islohotga doir loyiha muhokamasiga kirishishga undayman, deydi prezident.

Oq uy rahbari bugungi matbuot anjumanidan keyin oilasi bilan to’qqiz kunlik ta’tilga ketdi.

Bu orada, Davlat kotibi Jon Kerri va Mudofaa vaziri Chak Xeygl bugun Vashingtonda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan ko’rishdi.

Kerri Rossiyadan Edvard Snoudenni ekstraditsiya qilishni so’radi. Bundan tashqari, taraflar Suriya, global xavfsizlik va inson huquqlari haqida gaplashdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG